Prezident Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatiga ham bordi.
Shavkat Mirziyoyev 2018 yilda ham mazkur korxonada bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan uchta yirik investitsion loyiha bilan tanishgan, uni o‘z vaqtida va sifatli yakunlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan edi.
Ma'lumki, «Navoiyazot» 1964 yilda ishga tushirilgan. Korxonada qishloq xo‘jaligi, neft-gaz tarmog‘i, energetika va tog‘-kon sanoati ehtiyoji uchun 70 turdan ziyod mahsulot ishlab chiqariladi. Vaqt o‘tishi bilan texnologik uskuna hamda qurilmalar jismonan va ma'nan eskirdi, ko‘p miqdorda elektr energiyasi va boshqa tabiiy resurslarni sarf qilish evaziga mahsulot ishlab chiqara boshladi. Bu jihatlar e'tiborga olinib, korxonada bosqichma-bosqich modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, jamiyat hududida uchta yirik investitsion loyiha – polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish, ammiak va karbamid ishlab chiqarish hamda azot kislotasi ishlab chiqarish korxonalari qurilishi qizg‘in davom etmoqda. Bunyod etilayotgan ushbu korxonalarga zamonaviy, tejamkor texnologik uskunalar o‘rnatiladi.
Prezidentimiz ushbu yangi obektlardagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, quruvchilar, xorijlik investorlar bilan muloqot qildi.
Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 500 million AQSh dollaridan oshadi. Qurilish ishlarini Xitoyning «China CAMC Engineering CO. LTD» va «HQC (Shanghai)» kompaniyalari konsorsiumi hamda yurtimiz mutaxassislari amalga oshirmoqda.
Korxona foydalanishga topshirilgach, yiliga import o‘rnini bosuvchi 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol tayyorlanadi. 900dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Mahsulotning 50 foizdan ortig‘ini eksport qilish ko‘zda tutilgan. Korxonani joriy yilning sentabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda bu yerda o‘rnatiladigan zamonaviy uskunalarni boshqarish uchun mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalarida injyener-texnolog, mexanik, energetik, iqtisodchi va dasturchilar tayyorlanyapti. Mutaxassislar mamlakatimiz va xorijdagi korxonalarda malaka oshirmoqda.
Prezident bu yerda ishlaydigan kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish lozimligini qayd etdi.
«Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatining mavjud energiya sarfi yuqori bo‘lgan ammiak ishlab chiqarish 1-2 navbatlari ekspluatatsiyadan chiqarilmoqda. Xususan, ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 985 million AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan loyiha amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari yakunlangach, bu yerda yiliga 660 ming tonna ammiak, shuningdek, 577,5 ming tonna karbamid olish, ulardan tayyorlanadigan mineral o‘g‘itlar turini oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. 491 ish o‘rni yaratiladi.


















