Toshkentning «Paxtakor» klubi 2017 yilda yangi davrga qadam qo‘ydi. Klub yangi rahbariyat bilan shonli o‘tmishini tiklashga qaror qilgandi. Joriy mavsumni «Paxtakor» yaxshi boshladi. Chempionlar Ligasi saralashidan o‘tgan jamoa guruh bosqichida ham yomon ketmayapti. Tribuna.uz muxbiri «Paxtakor»ning kelajakdagi rejalari haqidagi savollarga javob olish uchun klub bosh direktori Dmitriy Adisman bilan suhbat uyushtirdi.

«Paxtakor» xalq jamoasi. Bu ayniqsa 1979 yilda bilingan...»

«Paxtakor» - xalq jamoasi. Bu mening gaplarim emas. Bu tarix. Qayerga borsangiz, «Paxtakor»ga shunday ta'rif berishadi. Bilasiz, «Paxtakor» sobiq ittifoq vaqtida tashkil etilgan va mamlakat Oliy Ligasida qatnashgan. O‘shanda butun o‘zbekistonlik muxlislar «Paxtakor»ga muxlislik qilishgan. Bu ta'rif aslida o‘shanda paydo bo‘lgan. U vaqtlar «Paxtakor» va xalq bir tan-u bir jon bo‘lgan. Bu ayniqsa 1979 yilda bilingan... O‘shanda butun mamlakat qayg‘uga cho‘mgan. «Paxtakor» halokatdan keyin ham o‘zini tiklab oldi. Bunga qaysidir ma'noda xalqning muhabbati madad bergan desak, adashmaymiz. Xalq jamoasi degan tarixiy ta'rifni saqlab qolishga harakat qilamiz. Bu biz uchun juda muhim», – deya so‘z boshladi Adisman.

«Babayan bilan muammolarimizni hal qilganmiz»

Samvel Babayanning futbolga qaytgani katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Uni O‘FF (hozirda O‘FA) «Paxtakor»da futbolchilarning shartnomalarini noqonuniy o‘zgartirgani uchun futboldan chetlashtirgandi. Adisman Babayanning futbolga qaytishi va uning «Paxtakor»ga tug‘dirgan muammolari haqida ham fikrlarini bildirdi.

– Samvel Babayan uzoq yillar «Paxtakor»da ishlagan. Uning davrida jamoa ko‘plab yutuqlarga erishgan. Babayanning klub uchun qilgan mehnatlarini rad eta olmaymiz. Uning ayblanishi haqida gapiradigan bo‘lsak, biz unga hukm chiqaradigan organ emasmiz. To‘g‘ri, yangi rahbariyat kelganida Babayan bilan bog‘liq muammolar bor edi va biz ularni hal qilganmiz. Bu muammolar futbolchilarning, jumladan akademiya futbolchilarining shartnomalari bilan bog‘liq edi. Biz ularni hal qilganmiz.

O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqa olmaganidan so‘ng juda ko‘pchilik muxlislar barchasida Babayanni ayblashdi. Futbol Federatsiyasiga, portalga uning ustidan shikoyatlar borib tushgan. O‘ylaymanki, federatsiyadagilar uni shaxsiy adovat sabab futboldan chetlatishmagan. Bu uchun asos keltirishgan. Bundan tashqari, muxlislarning ham noroziligi bunday qaror chiqarishda muhim rol o‘ynagan. Xabarim bor, uni butun umrga futboldan chetlatishgan edi. Lekin men ham siz kabi yaqinda bildimki, «Bunyodkor» Samvelga kafillik qilgan va diskvalifikatsiya bekor qilingan. Endi «Lokomotiv» Babayanni ishga taklif qildi. Demak, ular Babayanning foydasi tegadi deb o‘ylashadi.