O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mahkumlarning hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi. Hujjat matni “Xalq so‘zi” tomonidan keltirilgan.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 6 fevralda qabul qilingan. Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda ma'qullangan.

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi qo‘shimchalar kiritildi:

quyidagi mazmundagi 197-4-modda bilan to‘ldirildi:

“197-4-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish

Mansabdor shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarmaslik, uning ishiga to‘sqinlik qilish, unga bila turib yolg‘on axborot berish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan murojaatlarni, xulosalarni, taqdimnomalarni, iltimosnomalarni ko‘rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib qasddan ishonchsiz ma'lumotlarni taqdim etish, –

mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”;

O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 24 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi 392–I-sonli Qonuniga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

14-1-moddaning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etildi:

“Jazoni ijro etish muassasalarining, qamoqda saqlash joylarining va maxsus qabulxonalarning (bundan buyon matnda qamoqda saqlash joylari deb yuritiladi) ma'muriyati qamoqda turgan shaxslarning murojaatlarini Vakilga yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay, muhrlangan tarzda yuboradi, telegrammalarni esa darhol yuboradi. Vakilning javobi ko‘zdan kechirilishi mumkin emas va arz qiluvchiga zudlik bilan yetkazib beriladi.