Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida uyushgan jinoyatchilik va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun muhokama qilindi.

Senatning 2-oktabrdagi xabariga koʻra, oʻzgarishlar jinoyat sodir etish usullari oʻzgarib borayotgani va uyushgan jinoyatchilikning yangi shakllari paydo boʻlayotgani munosabati bilan ishlab chiqilgan.

Uyushgan guruhdagi bezorilik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Qonun uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bezorilik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutadi.

Xususan, jinoyat sodir etgunga qadar 14 yoshga toʻlgan shaxslar uyushgan guruh tarkibida bezorilik qilganlik uchun jinoiy javobgar boʻlishi belgilanmoqda.

Shuningdek, bezorilik oqibatida qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish hamda jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan ogʻir shikast yetkazish uchun javobgarlikni kuchaytirish koʻzda tutilgan.

Jinoiy uyushmani moliyalashtirish uchun yangi norma

Jinoyat kodeksi jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma bilan toʻldirilmoqda.

Hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilib, jinoiy uyushma tashkil etilishiga yoxud u sodir etgan jinoyatlarni yashirishga homiylik qilganlik uchun ham alohida javobgarlik belgilanmoqda.

Senatorlar ushbu choralar jinoiy uyushmalarning moliyaviy manbalarini cheklash va ularga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidlagan.

Noqonuniy jang musobaqalariga ham javobgarlik

Yana bir oʻzgarish jangovar sport turlari boʻyicha musobaqalarga tegishli.

Bunday musobaqalarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki oʻtkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Ularda ishtirok etganlik uchun esa Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga alohida javobgarlik chorasi kiritilmoqda.

Qonun bilan mazkur jinoyatlar boʻyicha dastlabki tergovni qaysi organlar olib borishiga doir protsessual normalar ham aniqlashtirilmoqda.