O‘zbekiston | 15:00 / 18.03.2019
19374
4 daqiqa o‘qiladi

Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Foto: Depositphotos

Vazirlar Mahkamasining “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish normalari va qoidalariga, shuningdek, tabiatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishi ustidan belgilangan tartibda qatiy nazorat o‘rnatadi.

Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya uning egasiga belgilangan hududda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish huquqini beradi, bunda qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlarni qazib olish huquqiga alohida litsenziya olish talab qilinmaydi.

Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili tasdiqlangan qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qa'ri uchastkalari bo‘yicha ularni qazib olish uchun beriladi.

Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun ishonchli, aniq konturlari va chegaralari ko‘rsatilgan yer qa'ri uchastkalari, shu jumladan, o‘lchamlari 1 gektardan ortiq bo‘lmagan sochma oltin konlari beriladi.

Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalarga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxslar va O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik shaxslar talabgor bo‘lishlari mumkin.

Lisenziyani yoki yer qa'ri uchastkasidan (to‘liq yoki qisman) foydalanish huquqini uchinchi shaxsga berish (topshirish), shuningdek, bitta yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqiga litsenziyani bir necha shaxsga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish litsenziyada nazarda tutilgan shartlarga muvofiq amalga oshiriladi. 

Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanishning asosiy shartlariga “Yer osti boyliklari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 33, 35, 37, 40 va 43-moddalari bilan belgilangan shartlar kiradi.

Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanishning namunaviy shartlari Davlat geologiya qo‘mitasining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi va zarurat bo‘lganda belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinishi mumkin.

Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish shartlarida:

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishning ruxsat etilgan usullari va vositalari, shuningdek, foydalaniladigan asbob-uskunalar, mexanizmlar va texnikaga qo‘yiladigan talablar;

qazib olingan qimmatbaho metallarga egalik qilish huquqi;

yer qa'ri uchastkalaridan foydalanishning cheklanishi, to‘xtatib qo‘yilishi yoki muddatidan oldin to‘xtatilishi mumkin bo‘lgan shartlar;

yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqi tugatilgandan so‘ng yer qa'ridan foydalanuvchilar zimmasiga yer qa'ri uchastkalarini rekultivatsiya qilish va ularni keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish majburiyati nazarda tutiladi.

Mavzuga oid