O‘zbekiston | 16:32 / 19.03.2019
6975
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya organlari binolarida audio-video yozish moslamalaridan foydalanishga ruxsat berildi

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Adliya vazirligi faoliyati haqida keng jamoatchilikka muhim axborotlar berish, ularning huquqiy ma'lumotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlashga qaratilgan “Ochiq adliya” (“Open Justice”) ijtimoiy dastur tasdiqlandi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, e'tiborda chetda qolayotgan jihatlar, o‘z vazifasini lozim darajada bajarmayotgan xodimlarni aniqlash bo‘yicha jamoatchilik yordamidan foydalanishga qaror qilindi.

Shu maqsadda jismoniy va yuridik shaxslarning vakillariga adliya organlari binolarida audio-video yozish moslamalaridan foydalanishga ruxsat beradi. Notarial idoralar va davlat xizmatlari markazlari xodimlarining o‘z vazifalarini bajarishda yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklari ustidan internet orqali tezkor shikoyat berish tizimi yaratiladi, bunda xodimning aybi aniqlangan holatlar keng yoritib boriladi. O‘z vazifalarini lozim darajada bajara olmayotgan xodimlar reytingini shakllantirib, ularning malakasini oshirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Shuningdek, vazirlik o‘z binosidagi xonalarning joylashish strukturasini ham qayta ko‘rib chiqdi. Xodimlar keng maydonda bir birini bemalol kuzata oladigan darajada joylashtirildi. Tashkilotga kelgan fuqarolar ham xodimlar qanday ish bilan band bo‘lishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkin. Devorlar va eshiklar endi shaffoflikni ta'minlaydi. Bu usul korrupsiyaviy omillarni ham oldini oladi. Hozirda bu tartibdagi xonalardan dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida ham qo‘llanilmoqda.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi va uning tarkibiy bo‘linmalarining moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq ma'lumotlar vazirlikning veb-saytida e'lon qilinadi. Bunda xarajatlar, ularni bajarilishi bilan bog‘liq hisobotlar, xarid qilish bilan bog‘liq shartnomalar ro‘yxati bilan tanishish mumkin bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid