O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
Qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini chorvachilik fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga ozuqabop ekinlar yetishtirish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish majburiyatlari bilan ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.
Ajratiladigan lalmi va yaylov yer uchastkalarida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:
ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga mazkur yer uchastkalarida sug‘orish tik quduqlarini burg‘ilashga har bir metr chuqurligi uchun 100 ming so‘mdan subsidiya beriladi.
Bunda subsidiya xarajatlari 2019 yilda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan, 2020 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning kreditlari (qarzlari) va grantlari hisobidan qoplanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun 5 yilgacha muddatga ajratiladigan kreditlarning valuta turidan qat'iy nazar bir gektarga ekvivalenti 20 million so‘mdan oshmaydigan qismi bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida, biroq kredit stavkasining 10 foizlik punktidan oshmagan miqdorda qoplanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda ilovaga muvofiq ajratiladigan yer uchastkalarida yer osti suv chiqarish uchun sug‘orish tik quduqlari burg‘ilash joylarini aniqlab, ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarni xabardor qiladi.
















