O‘zbekiston | 09:37 / 19.03.2019
2908
3 daqiqa o‘qiladi

Vashingtonda O‘zbekiston-AQSh biznes forumi o‘tkaziladi

Foto: U.S. Department of State

Vashington shahrida AQSh biznes hamjamiyati vakillari uchun brifing bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniyalar, nohukumat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, AQSh Savdo vazirligi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki xodimlari ishtirok etdi.

TIV xabariga ko‘ra, tadbirda O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, shuningdek, taniqli mutaxassislar Frederik Starr, Svante Kornell va Mamuka Siratelli nutq so‘zladilar.

AQSh ishbilarmon doiralari vakillarida Mamuka Siratellining O‘zbekistonda iqtisodiy sohadagi islohotlarga bag‘ishlangan nutqi alohida qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassis AQSh kompaniyalariga mamlakatda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma'lumot berdi. U respublikada so‘ngi yillarda tijorat banklarining xalqaro moliya institutlari bilan hamkorligi sezilarli kengaygani; mamlakatda Jahon savdo tashkilotiga kirishga qaratilgan islohotlar; xorijiy investorlar bilan faol hamkorlikni kengaytirish orqali ishsizlik darajasini pasaytirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar kabi ijobiy omillarni O‘zbekiston bozoriga kirishni istagan kompaniyalar inobatga olishi zarurligini qayd etdi.

Brifing yakunida AO‘SP raisi Karolin Lemm bilan joriy yilning oktabr oyida Vashington shahrida qishloq xo‘jaligi, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, yuqori texnologiyalar, tibbiyot, transport va boshqa sohalardagi yetakchi AQSh kompaniyalar ishtirokida O‘zbekiston-AQSh biznes forumini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Professor Frederik Starr bilan AQShda O‘zbekistondagi islohotlar va o‘zgarishlarga bag‘ishlangan brifinglarni tashkil etish amaliyotini davom ettirish, xususan, bunday tadbirlardan birini AQSh Kongressi a'zolari uchun Kapitoliy tepaligida o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.

AQSh Savdo vazirligi vakillari bilan suhbatda iyun oyida O‘zbekistonga AQSh kompaniyalarining savdo missiyasini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid