O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi matnini e'lon qildi. Quyida matn to‘liq holda keltiriladi.

“Assalomu alaykum, muhtaram vatandoshlar!

Qadrli mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Shu tarovatli kunlarda tabiat uyg‘onib, go‘zal diyorimizga barchamiz orziqib, sog‘inib kutgan Navro‘zi olam kirib kelmoqda.

Ming yillar davomida ma'naviy hayotimizning ko‘rku ziynati bo‘lib kelayotgan bu ajoyib, xosiyatli bayram bugun qalblarimizga yana cheksiz quvonch va zavq bag‘ishlamoqda.

Azim poytaxtimizning markazida bunyod etilib, yaqinda foydalanishga topshirilgan muhtasham “Humo” koshonasida siz, azizlarni, sizlar orqali ko‘pmillatli butun xalqimizni Navro‘z bayrami bilan chin qalbdan tabriklashni o‘zim uchun katta sharaf, deb bilaman.

Mana shunday fayzli, shodiyona ayyomda barcha shahar va tumanlarda, qishloq va ovullarda Navro‘z saylini o‘tkazayotgan barcha-barcha yurtdoshlarimga yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hayotingiz bahor tongidek tiniq, baxtli va farovon bo‘lsin!

Sharqona Yangi yilimiz – Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ va barakali kelsin!

Hurmatli do‘stlar!

Ayni shu betakror va dilbar faslda barchamiz o‘zimizni yasharib ketgandek, vujudimizga yangi kuch-g‘ayrat, azmu shijoat kirgandek his etamiz. Necha yuz yillik an'ana va qadriyatlarimizni yangidan kashf etamiz, qanday buyuk tarix, qanday buyuk madaniyat vorislari ekanimizni yana bir bor anglaymiz. Va bundan qalblarimiz g‘urur va iftixorga to‘ladi.

Bu yilgi Navro‘z bayrami ushbu muazzam saroyda o‘tayotganida o‘ziga xos ramziy ma'no bor, albatta. Afsonaviy Humo qushi – ezgulik va baxt timsoli, Navro‘z esa bahor va baxt ayyomidir. Bu ikki ulug‘ timsol, ya'ni, Humo va Navro‘z falsafasi o‘zaro uyg‘un bo‘lib, hayotimizni yanada mazmunli va munavvar etgay, inshoolloh.

Aziz yurtdoshlar!

Barchamizga ma'lumki, Navro‘z – yangi kun, yangi fasl demakdir.

Bugun ona tabiat bag‘rida yangilanish va yasharish fasli boshlanmoqda.