«Tatneft» O‘zbekistondagi qo‘shma loyihalarda ishtirok etishni rejalashtirmoqda
Rossiyaning «Tatneft» kompaniyasi Qozog‘iston, O‘zbekiston va Iroqdagi qo‘shma loyihalarda ishtirok etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
«Ayni vaqtda kompaniyaning Qozog‘iston, O‘zbekiston va Iroqdagi qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda», – deyiladi xabarda.
Avvalroq «Tatneft» O‘zbekistonda AYoQShlar tarmog‘ini tashkil etishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. Kompaniya 2018 yil dekabrda Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida sho‘'ba korxonasini ro‘yxatdan o‘tkazgandi.
2018 yil noyabrda «Tatneft» rahbari Noil Maganov O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Alisher Sultonov bilan uchrashgandi. O‘shanda tomonlar georazvedka, konlarni o‘zlashtirish va neft qazish hajmini oshirish, mashinasozlik, neft-kimyo, neftni qayta ishlash sohalaridagi hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqqandi.
Bundan avvalroq «Tatneft» neft kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari tarmog‘ini ochishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi.
Ma'lumot uchun, «Tatneft» — neft va gaz qazib chiqarish, neftni qayta ishlash va neft-kimyo sanoati bilan shug‘ullanuvchi yirik neft xoldinglaridan biri sanaladi. Kompaniyaning Rossiya va boshqa mamlakatlarda 690 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalari mavjud.