2023 yil 20 yanvar kuni «O‘zkimyosanoat» AJ «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJ (xalq tilida Angren shina zavodi) 100 foiz ulushini Rossiyaning «Tatneft» kompaniyasiga 826,57 milliard so‘mga sotish bo‘yicha shartnoma tuzdi.
Avvaliga korporativ axborotlar portalida bitim summasi 826 million so‘m deb ko‘rsatilgandi. 26 yanvarda kunning ikkinchi yarmida portaldagi bu ma’lumot o‘chirilib, bitim qiymati 826 mlrd so‘m deb ko‘rsatilgan boshqa ma’lumot joylandi.
826 573 075 200 so‘m – Markaziy bankning 20 yanvardagi kursi bo‘yicha 73 mln 245 ming 288 dollarni tashkil etadi. Qayd etish lozim, zavod 2017 yilda Xitoyning Eksimbankidan olingan 156,4 mln dollar qarz hisobiga qurilgan edi.
Kompaniyaning ustav kapitali 658 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Shuningdek, uning sof aktivlari qiymati bitim tuzilishidan oldingi oxirgi chorakda 2,3 trln so‘m bo‘lgan.
2022 yil 2 dekabrda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya biznes forumi doirasida «O‘zkimyosanoat» va «Tatneft» o‘rtasida «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJning 100 foiz ulushini sotish va sotib olish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangandi. O‘sha paytda bitim narxi ochiqlanmagan edi.
«Birinchi rezinotexnika zavodi» haqida
«Birinchi rezinotexnika zavodi» qurilishi 2017 yilda boshlangan edi. 2018 yil iyul oyidan zavodda ishlab chiqarish jarayoni boshlangan.
Zavod 30 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, uni qurishdan asosiy maqsad birinchi bosqichda yengil avtomobillar uchun shinalar ishlab chiqarish bo‘lsa, ikkinchi bosqichda konveyer tasmalari va qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun shinalar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan edi. Bu loyihaning mahalliy tashabbuskori «O‘zkimyosanoat» AJ hisoblanadi.






