Kun.uz tahririyatiga Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidagi «Guliston» mahallasi aholisidan murojaat kelib tushdi.

Murojaatda mahallani tuman markazi bilan bog‘laydigan ko‘prik ayni vaqtda yaroqsiz holatga kelib qolgani, shu sababli avtotransport harakati to‘xtatilgani, ko‘prikni ta'mirlash yuzasidan mutasaddilar tomonidan amaliy ishlar olib borilmayotgani bayon etilgan.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Xatirchi tumanida bo‘lib, mahalla aholisi vakillari bilan suhbatlashdik.

«Ayni vaqtda mahallamizdan tuman markaziga o‘tadigan ko‘prikdagi harakat to‘xtatilgan. 2000 yilda qurilgan ko‘prik yaroqsiz holatga kelib qolgan.  Mahallamizga kirish yo‘li yopilgan. Bu tuman markaziga ishga, o‘qishga va turli yumushlar bilan boradigan aholiga turli noqulayliklar tug‘dirmoqda. Axir mahallamizda ikki yarim mingdan ziyod aholi yashaydi. Qolaversa, quyi tomonda yana bir nechta mahalla va qishloqlar bor. Hozir aylanma yo‘l orqali tuman markaziga qatnayapmiz. Ammo bu yo‘l umuman talabga javob bermaydigan loy ko‘cha. Qolaversa, katta ariq bo‘ylab o‘tgan bu aylanma yo‘lda xavfsizlik ta'minlanmagan. Yaqinda bir avtomobil ariqqa tushib ketdi. Yomg‘ir yoqqan vaqtda o‘nlab mashinalar loyga botib qoladi. Shu bois, transport vositalari tuman markazidan mahallaga kelishni istmaydi. Ko‘prikni qisqa vaqtda ta'mirlashning imkoni bo‘lmasa, shu aylanma yo‘lga shag‘al to‘kib, biroz bo‘lsa-da, ta'mirlab berishsa bo‘ladi-ku?! Axir, aholi bu aylanma yo‘ldan qatnashga juda qiynalmoqda», – deydi murojaatchilardan biri.

O‘rganish davomida ko‘prikning ahvolini ko‘zdan kechirdik. Ko‘prik chindan ham yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Shu tufayli harakat to‘xtatilgan.

Mahalla aholisi ayni vaqtda aylanma yo‘l orqali tuman markaziga qatnashga majbur. Ammo katta ariq bo‘ylab ketgan ushbu loy yo‘lda harakat xavfsizligi ta'minlanmagan.

Shu sabab yaqinda «Damas» rusumli avtomobil yo‘lovchilari bilan ariqqa tushib ketgan. Ariqqa tushib ketgan mashinaning izlari yaqqol ko‘rinib turgandi.