O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qarorda qayd etilishicha, Jahon bankining respublika elektr energetika tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi, shu jumladan, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishni nazarda tutuvchi taklifi berilgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining elektr energiyani ishlab chiqarish, yetkazish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy uslublariga muvofiq, quyidagilar orqali “O‘zbekenergo” AJni qayta tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi:

a) issiqlik elektr stansiyalari hamda elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi elektr markazlarini boshqaruvchi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish;

b) “O‘zbekenergo” AJning tugatilayotgan “O‘zelektrtarmoq” UK va “Energosotish” filiali negizida quyidagilarni amalga oshiruvchi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish:

respublikaning magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va ularni rivojlantirish;

elektr energiyani respublikaning magistral elektr tarmoqlari orqali yetkazib berish va davlatlararo tranzitni amalga oshirish;

elektr energiyani eksport va import qilish, shuningdek, qo‘shni davlatlarning elektr energetika tizimi bilan hamkorlik qilish;

elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, shu jumladan, xususiy kapital ishtirokidagi korxonalarni, shuningdek, magistral va hududiy elektr tarmoqlarini yagona operativ-dispetcherlik boshqarish;

elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, shu jumladan, xususiy kapital ishtirokidagi korxonalardan elektr energiyasini yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajarish, shuningdek, elektr energiyani hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga sotish;

v) elektr energiyani yakuniy iste'molchilarga taqsimlovchi va sotuvchi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarini boshqarishni amalga oshiruvchi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish;

g) “O‘zbekenergo” AJ tarkibiga kiruvchi ayrim xo‘jalik jamiyatlari hamda korxonalarini qayta tashkil etish va tugatish;