Har bir mamlakatning rivojlanish darajasi va aholi turmush tarzining farovonligi ko‘plab ko‘rsatkichlar bilan baholanadi. Ulardan biri qattiq qoplamali, asfalt yo‘llar mavjudligidir.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning yo‘llar fondi juda ham eskirganini, ta'mirtalab bo‘lib qolganini kuzatmoqdamiz. Kun.uz tahririyatiga kelayotgan murojaatlarning ko‘pchiligi aynan yo‘llar bilan bog‘liq desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yangi yo‘llar barpo qilinyapti, eski yo‘llar bosqichma-bosqich ta'mirlanyapti, ammo umumiy holatda bu chora-tadbirlar mavjud yo‘llar fondining ishdan chiqish tezligini quvib o‘tolmayapti.

Yo‘llar tabiiy ravishda eskirib boradi, bu to‘g‘ri. Ammo, ba'zan odamlar, tashkilotlar unga bilar-bilmas zarar yetkazadi, yo‘llarning holatiga mas'ul bo‘lgan idoralar, mahalliy hokimiyat esa bunga loqaydlik bilan qaraydi.

Quyida mavjud yo‘lning o‘zboshimchalik bilan buzib tashlanishi, bunga loqaydlik qilinishi va u keltirib chiqarayotgan oqibatlar haqida so‘z yuritamiz.

Xorazm viloyati, Yangiariq tumani, Qo‘riqtom qishlog‘idagi Shirsholi mahallasida 9-son umumta'lim o‘rta maktabi bor. U 1972 yilda qurilgan. Bu yerga 600 nafarga yaqin o‘quvchi 2-3 km masofa atrofidagi uy-joylardan qatnab, ta'lim olishadi.

Mahalla aholisi ma'lumotiga ko‘ra, maktabni katta avtomobil yo‘li bilan bog‘lab turuvchi asfaltlangan trotuar - piyodalar yo‘lkasi mavjud bo‘lgan. O‘quvchilar u orqali maktabga uzoq yillar davomida bemalol, xavfsiz yetib olish imkoniyatiga ega bo‘lishgan.

So‘nggi yillarda yo‘lkaning bir qismi yemirilib, ko‘milib ketgan. Ba'zi odamlar uyi oldidan o‘tgan yo‘lkani buzib yuborishgan. Uning eng katta - 250-300 metrlik qismi dala yeri atrofidan o‘tgan.

Bir necha yil oldin, shu daladan foydalanib kelgan fermer «davlatnikimi, demak hech kimniki» qabilida ish ko‘rib, yo‘lkani buldozer bilan buzib, o‘zboshimchalik bilan ariqqa aylantirib yuborgan. Mahalliy hokimiyat va mutasaddi tashkilotlar bunga e'tibor qaratishmagan, juda katta qiymatga va qimmatlikka ega bo‘lgan davlat mulkini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmagan.