«Hali ham SSSR meyorlari bilan ishlanyapti»: “Nima dard?”da yoʻl qurilishidagi sifat haqida suhbat
|11:5979510 min
Nega yangi asfalt qilingan yoʻl oradan koʻp oʻtmay yana taʼmirtalab boʻlib qoladi? Muammo asfalt sifatidami, yoʻlning asosidami yoki uni qurish va nazorat qilish tizimidami? Yoʻl qurilishi sohasida qanday normativlar amal qilyapti?
«Nima dard?» podkastining navbatdagi mehmoni, yoʻl qurilishi boʻyicha mutaxassis Ziyodulla Bahromov Oʻzbekiston yoʻllarining asosiy muammolari, eski meyorlar, qurilish madaniyati, yangi texnologiyalar va yoʻllarni qayta-qayta taʼmirlash oʻrniga ularning xizmat muddatini uzaytirish imkoniyatlari haqida gapirdi.
Yoʻl - faqat asfalt emas
Odatda yoʻlning sifati haqida gap ketganda, odamlar uning koʻzga koʻrinadigan qismi - asfalt qoplamasiga qaraydi. Yoʻl tekis boʻlsa - yaxshi, chuqur yoki toʻlqinlar paydo boʻlsa - sifatsiz qurilgan, degan xulosaga kelinadi.
Ziyodulla Bahromovga koʻra, aslida yoʻl ancha murakkab muhandislik inshooti. U tuproqdan boshlanib, bir nechta asos va qoplama qatlamlaridan tashkil topadi. Shuning uchun yuqori qatlamni yangilashning oʻzi muammoni hal qilmasligi mumkin.
«Agar yoʻl asosini toʻgʻri tanlasak, ustki qatlamini toʻgʻrilab qoʻyish mumkin. Agar asos notoʻgʻri tanlangan boʻlsa, ustini toʻgʻrilab qoʻysak, oʻzimizni oʻzimiz aldagan boʻlamiz. Maʼlum vaqtdan keyin u baribir buziladi», - deydi mutaxassis.
Uning tushuntirishicha, svetoforlar yaqinida asfaltning toʻlqinsimon boʻlib qolishi yoki yoʻlda boʻylama va koʻndalang deformatsiyalar paydo boʻlishi ham faqat ustki qoplama bilan bogʻliq emas.
Shu sababli har bir yoʻlga bir xil, tayyor qolip asosida yondashish notoʻgʻri. Yoʻlning vazifasi, undan oʻtadigan transport intensivligi, ogʻir yuk mashinalari soni, tuproq va iqlim sharoiti hisobga olinishi kerak.
Bitta yuk mashinasining taʼsiri minglab yengil mashinalarga teng boʻlishi mumkin
Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsgani sari transport harakati ham koʻpaymoqda. Ishlab chiqarish hajmining ortishi xomashyo va tovarlarni tashish, odamlarning harakatlanishi va ogʻir yuk transportlarining qatnovi koʻpayishini anglatadi.
Bahromovning taʼkidlashicha, infratuzilmadagi oʻzgarishlar iqtisodiyotdagi oʻsish surʼatiga hamisha ham yetib bormayapti.
Bu yerda ogʻir transport alohida ahamiyatga ega. Mutaxassis suhbatda bitta katta yuk mashinasining yoʻlga tushiradigan yuki juda koʻp yengil avtomobillar taʼsiriga teng kelishi mumkinligini taʼkidlaydi.
Shuning uchun yoʻlni faqat bugungi transport oqimi uchun emas, kelajakdagi yuklama va iqtisodiy oʻsishni hisobga olgan holda loyihalash muhim.
Mavzuga oid
Yoʻlning asosiy dushmani - suv
Oʻzbekiston iqlimi yoʻllar uchun alohida sinov. Qishda havo kechasi sovib, suv muzlashi, kunduzi esa harorat koʻtarilib muz erishi mumkin. Bu jarayon takrorlangan sari yoʻl konstruksiyasiga taʼsir qiladi.
«Suv - yoʻlning asosiy dushmani», - deydi Bahromov.
Shuning uchun yoʻlda suv toʻplanib qolmasligi, uning qiyaligi toʻgʻri hisoblanishi, suvni chiqarib yuboruvchi tizimlar ishlashi muhim. Asfaltning oʻzi qanchalik sifatli boʻlmasin, suv yoʻlning pastki qatlamlariga kirsa, konstruksiya asta-sekin zaiflashadi.
Demak, yaxshi yoʻl deganda faqat tekis asfalt emas, drenaj, yoʻl asosi, materiallar, qoplama va ekspluatatsiya bir butun tizim sifatida qaralishi kerak.
Eski asfalt - chiqindi emas, «tilla»
Podkastda muhokama qilingan eng qiziq masalalardan biri - taʼmir paytida qirib olinadigan eski asfalt taqdiri.
Bahromov uni «tilla narsa» deb ataydi. Chunki eski asfaltni tashlab yuborish oʻrniga qayta ishlab, yangi yoʻlning asosida ishlatish mumkin.
Bu texnologiya yoʻl qurilishi xarajatlarini optimallashtirish bilan birga, konstruksiyaning elastikligini oshirishga ham xizmat qilishi mumkin.
Mutaxassisning aytishicha, bunday qayta ishlash - resaykling texnologiyasi Oʻzbekiston uchun nisbatan yangi. Uning pilot loyihalari Oqtosh va Parkentda sinab koʻrilgan.
Oqtoshda qilingan yoʻl ikki yil davomida yoz va qish mavsumlaridan oʻtgan va suhbat vaqtidagi holatiga koʻra, qoplamasi ravon saqlangan. Parkentdagi tajribada esa yoʻl asosi bir yil davomida ustki qoplamasiz qoldirilgan va shunga qaramay, natija ijobiy baholangan.
Hozir Qashqadaryodagi 11 kilometrlik yoʻlda ham shu texnologiyadan foydalanish koʻzda tutilgan. Bahromovning aytishicha, dastlabki ikki kilometri yangi usulda qurilgan va keyin loyihaga oʻzgartish kiritilib, qolgan qismini ham shu texnologiyada davom ettirish belgilangan.
«Qurilish madaniyati» nima?
Suhbatda bir necha marta «qurilish madaniyati» tushunchasi tilga olinadi.
Bahromovning fikricha, yoʻl qurilishida muayyan sanani birinchi oʻringa qoʻyib, obyektni har qanday holatda shu muddatga bitirishga urinish sifatga taʼsir qilishi mumkin.
Ammo bu muddat kerak emas degani ham emas. Muddat boʻlmasa, qurilish choʻzilib ketishi mumkin.
Shuning uchun qurilish madaniyati - sifat va muddat oʻrtasida toʻgʻri muvozanat topish, har bir obyektni oldindan tadqiq qilish, hisob-kitob va sinovlar oʻtkazish, har bir bosqichga malakali mutaxassislarni jalb etishdir.
Boshqacha aytganda, «falon sanaga bitishi shart» degan yondashuvdan tashqari «qanday sifatda bitishi kerak?» degan savol ham birlamchi boʻlishi lozim.
SSSRdan qolgan meyorlar va yangi iqtisodiyot
Mutaxassis yoʻl sohasidagi yana bir muammo sifatida amaldagi meyorlarning bir qismi hali ham sovet davrida shakllanganiga eʼtibor qaratadi.
Uning fikricha, iqtisodiyot, transport vositalari va yoʻllarga tushayotgan yuk oʻzgargan bir paytda meyorlar ham shu oʻzgarishlarga moslashishi kerak.
Buning uchun xorijiy standartlarni shunchaki koʻchirib olish emas, balki ularni Oʻzbekistonning iqlimi, tuprogʻi, toshi, qumi va boshqa mahalliy sharoitlarga moslashtirish zarur.
«Boshqa davlatning suvini, toshini, qumi yoki tuprogʻini olib kelib qoʻya olmaymiz. Demak, texnologiyani oʻzimizga moslashtirishimiz kerak», - deydi u.
Mutaxassisning fikricha, bu jarayondagi asosiy muammolardan biri - tezlik. Ilmiy-tadqiqot institutlari va soha mutaxassislari bu yoʻnalishda ishlayapti, ammo yangi yondashuvlarni joriy etish surʼatini oshirish mumkin.
Buning uchun buyurtmachi, loyihachi, laboratoriya, qurilish tashkiloti va qaror qabul qiluvchilar oʻrtasidagi muvofiqlikni kuchaytirish zarur.
Arzon qurilgan yoʻl oxir-oqibat qimmatga tushishi mumkin
Podkastdagi asosiy gʻoyalardan biri yoʻlning dastlabki narxi bilan uning butun xizmat davridagi xarajatini farqlash zarurligi haqida boʻldi.
Arzonroq texnologiya tanlab yoʻl qurish dastlab mablagʻni tejagandek koʻrinishi mumkin. Ammo yoʻl tez buzilib, uni qayta-qayta taʼmirlashga toʻgʻri kelsa, yakunda xarajat koʻproq boʻladi.
«Agar bir yechim qurilish boshida arzonroq boʻlsa-yu, keyin tez-tez taʼmirlashni talab qilsa, uzoq muddatda u bizga qimmatroqqa tushishi aniq», - deydi Bahromov.
Shu maʼnoda mutaxassis «eng arzon yoʻl - sifatli yoʻl» degan tamoyilni ilgari suradi.
Bu eng qimmat material va texnologiyalarni tanlash kerak degani emas. Aksincha, har bir obyektni diagnostika qilib, aynan oʻsha yoʻl uchun optimal konstruksiya va texnologiyani tanlash kerak.
Asfalt ishlab chiqarish ham katta energiya talab qiladi
Suhbatda yoʻl qurilishining energiya sarfi masalasiga ham toʻxtalindi.
Bahromovning aytishicha, anʼanaviy asfalt ishlab chiqarishda energiyaning katta qismi toshni qizdirish uchun sarflanadi. Shuning uchun barcha joyda bir xil texnologiyadan foydalanish oʻrniga, vazifasiga qarab boshqa usullarni qoʻllash mumkin.
Masalan, ayrim texnologiyalarda toshni qizdirish talab qilinmaydi. Bu energiya sarfini sezilarli kamaytirishi mumkin.
Biroq bu klassik asfaltdan voz kechish kerak degani emas. Uning ham oʻz oʻrni bor. Asosiy masala - kerakli joyda kerakli texnologiyani ishlatish.
Yoʻl sohasiga yangi avlod muhandislari kerak
Yoʻl qurilishi bitta kasbdan iborat emas. Bu sohada laboratoriya mutaxassislari, geodezistlar, konstruktorlar, koʻprik va tunnel muhandislari, yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha mutaxassislar va boshqa koʻplab yoʻnalishlar mavjud.
Bahromov yosh mutaxassislarni tayyorlashda nazariy bilim bilan birga amaliyotga ham katta eʼtibor berish kerakligini aytadi.
Uning fikricha, talaba institut davridayoq real obyektlar va tadqiqotlarda ishtirok etsa, qaysi yoʻnalishda chuqurlashishini ertaroq tushunib oladi.
Yoʻl qurilishiga boʻlgan ehtiyoj esa kamaymaydi. Yangi transport koridorlari, shaharlar, koʻpriklar va boshqa infratuzilmalar malakali muhandislarga talabni saqlab qoladi.
Sunʼiy intellekt yoʻl qurilishida ham kerak, ammo…
Suhbat yakunida anʼanaga koʻra, avvalgi mehmon - IT mutaxassisi Anvar Nazrullayevning savoli berildi: «Sunʼiy intellekt insoniyat uchun ezgulikmi yoki zalolatmi?»
Bahromovning fikricha, sunʼiy intellekt yoʻl sohasida maʼlumotlarni tahlil qilish, grafiklar, muddatlar va boshqa koʻp mehnat talab qiladigan jarayonlarni yengillashtirishi mumkin.
Biroq muhandisning oʻzi masalaning mohiyatini tushunmasa, sunʼiy intellektga toʻgʻri savol ham bera olmaydi.
Ayniqsa, yoʻl konstruksiyasini hisoblashda mahalliy iqlim, tuproq, materiallar va ekspluatatsiya sharoitlarini bilgan mutaxassis hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Yaʼni sunʼiy intellekt muhandisni almashtirish emas, uning qoʻlidagi samarali vosita boʻlishi kerak.
Koʻproq yoʻl emas, uzoq xizmat qiladigan yoʻl
Suhbat yakunida Ziyodulla Bahromov yoʻl sohasidagi asosiy maqsadni bir fikrga jamladi: masala imkoni boricha koʻproq kilometr yoʻl qurishda emas.
«Koʻproq yoʻl qurish kerak emas. Insonlarga uzoq yillar xizmat qiladigan, xavfsiz, qulay va iqtisodiy jihatdan samarali yoʻl infratuzilmasini yaratishimiz kerak», - deydi u.
Buning uchun yangi texnologiyaning oʻzi yetarli emas. Sifatli diagnostika va loyihalash, toʻgʻri material tanlash, malakali kadrlar, qurilish ustidan samarali nazorat va yoʻl foydalanishga topshirilgandan keyingi muntazam profilaktika bir-biri bilan bogʻliq boʻlishi kerak.
Chunki yaxshi yoʻl - faqat tekis asfalt emas. U iqtisodiyotning harakatini tezlashtiradigan, odamlarning vaqtini tejaydigan va oʻnlab yillar davomida xizmat qilishi kerak boʻlgan murakkab infratuzilmadir.