O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 2019 yil 24-26 mart kunlari Birlashgan Arab Amirliklarida rasmiy tashrif bilan bo‘ldi.

Davlat rahbari Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum va Abu-Dabi Amirligi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi.

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi qo‘shma bayonot matnini e'lon qildi.

Qayd etilishicha, rahbarlar ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi strategik munosabatlarning bugungi holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish, ular bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishish masalalarini muhokama qildilar hamda o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashgan.

Rahbarlar:

davlatlararo aloqalarning o‘sish sur'atini, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va sermahsul munosabatlarning jadal va izchil rivojlanib borish tendensiyasini mamnuniyat bilan e'tirof etib, ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida uzoq muddatli, konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirishga katta turtki berishiga ishonch bildirgan holda, quyidagilar to‘g‘risida bayonot berdilar:

1. Rahbarlar ikki davlatning o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va innovatsion-texnologik hamkorligini yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar. Shu munosabat bilan, rahbarlar ikki tomonlama tovar aylanmasi hajmini yanada oshirish, o‘zaro eksport-import operatsiyalari, xususan, yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlarni yetkazib berishni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish masalalarida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning faoliyatiga yangi turtki berishga qaror qildilar.

2. Rahbarlar ikki mamlakat vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni chuqurlashtirish va o‘zaro delegatsiyalar almashinuvini faollashtirish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, yangi texnologiyalar va ilmiy ishlanmalarni joriy etishni rag‘batlantirishga chaqirdilar.