Yodingizda bo‘lsa, 2018 yilning may oyi o‘rtalarida kuchli yomg‘irlar yog‘ishi  natijasida Surxondaryo viloyatlari hududlarida shiddatli sel yuzaga kelgandi. Sel oqimi Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on, Boysun, Sherobod va Denov tumanlarida aholi turar-joylariga katta talofatlar yetkazgandi. Tabiiy ofat ortidan zudlik bilan mazkur hududlarda tezkor shtablar tashkil etildi. Seldan so‘ng yetkazilgan zararlarni aniqlash maqsadida ishchi guruhlar faoliyat olib bordi. Baholovchi tashkilotlar sel bosgan joylarda bo‘lib, hisobotlar tayyorladi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

2018 yilning 28 iyun kuni e'lon qilingan Vazirlar Mahkamasining 528-f sonli farmoyishida davlat tomonidan ushbu hudud aholisining yashash joylariga sel oqibatida yetkazilgan zararga kompensatsiya to‘lanishi belgilangandi. Farmoyishda 235ta uy vayronaga aylangani va ularni ta'mirlash uchun jami 12,6 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgani ko‘rsatilgandi. Shundan 7 milliard 580 million so‘mi Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Elobod», «Ariqoshgan», «Azlarsoy» va «Bog‘aro» mahallalarida yashayotgan, seldan zarar ko‘rgan fuqarolarga ajratilishi ko‘zda tutilgandi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatining o‘sha paytdagi hokimi Erkinjon Turdimov topshirig‘i bilan muammoni hal etish maqsadida ishchi guruh tuzilgandi. Viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bu ishlarga shaxsan mas'ul etib tayinlangandi. Uyi vayron bo‘lganlarga yarmi naqd, yarmi plastik kartada pul mablag‘lari tarqatilgandi. Shu bilan birgalikda, ko‘pchilikka homiylar ham biriktirilgandi.

Biroq, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, aholiga berilgan plastik kartalarga «blok» solingan. O‘sha vaqtda aholi murojaati bo‘yicha Kun.uz voqeani joyiga borib o‘rgangandi. Rostdan ham voqea shundayligiga guvoh bo‘lgandik. Jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, viloyat hokimligiga borgan vaqtimizda ulardan izoh ololmaganmiz. Viloyat prokuraturasi esa bu ish yuzasidan jinoyat ishi ochgani va  qolgan ma'lumotlar tergov siriligini aytib to‘liq ma'lumot bermagandi. Mana oradan ma'lum vaqt o‘tib mazkur aholi vakillari yana murojaat qildi.