Bugun, 4 aprel kuni O‘zbekiston Superligasida 3-tur o‘yinlari boshlanadi. Dastlab amaldagi chempion «Lokomotiv» o‘z maydonida «Andijon»ni qabul qiladi. «Loko» 9 aprel kuni Chempionlar Ligasi o‘yinida qatnashishi sabab bu o‘yin boshqalaridan oldinroq o‘tkazilmoqda.

Turning qolgan o‘yinlari keyingi 3 kun davomida bo‘lib o‘tadi. Ertaga, 5 aprel kuni «Paxtakor» turning markaziy bahsida «Nasaf»ni qabul qiladi. 6-7 aprel kunlariga yana 5ta o‘yin belgilangan.

Quyida 3-tur oldidan bizni qanday intrigalar kutayotgani haqida gaplashamiz.

4 aprel (payshanba)
«LOKOMOTIV» - «ANDIJON»
O‘yin vaqti: 18:00.
Stadion: Toshkent, «Lokomotiv» stadioni.

Taqvim bo‘yicha bu o‘yin 5 aprel kuni Andijonda o‘tkazilishi belgilangandi, biroq Andijondagi maydon mavsumga tayyor bo‘lmagani sababli uchrashuv Toshkentga ko‘chirildi. 5 aprel kuni poytaxtda «Paxtakor» va «Nasaf» ishtirokidagi yana bir uchrashuv o‘tkazilishi bois, o‘yinning vaqti ham o‘zgarib, 4 aprelga ko‘chirildi. Chunki bir shaharda bir kunda ikkita o‘yin o‘tkazish mumkin emas. Shu tariqa, Superliganing joriy mavsumida odatiy holga aylanib qolgan o‘yin vaqti va joyining o‘zgarish «an'anasi» yana takrorlandi. Kelishuvga ko‘ra, ikkinchi davrada Toshkentda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan o‘yin Andijonda o‘tkaziladi.

Bu bahsda «temiryo‘lchilar»ning imkoniyatlari yuqori. 1-turda «Paxtakor»ga mag‘lub bo‘lgan «Lokomotiv» 2-turda «Navbahor»ni yengdi. «Andijon» esa hozircha qanday kuchga ega ekanini ko‘rsata olgani yo‘q. Birinchi turda «Qizilqum» bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan andijonliklar ikkinchi turda «Qo‘qon-1912» bilan nursiz durang qayd etdi - 0:0.

«Lokomotiv» bu o‘yindan 5 kun o‘tib Saudiyada «Al-Ittihod»ga qarshi Chempionlar Ligasi o‘yinida qatnashadi. Shu sababli Fyodorov ba'zi yetakchilariga dam berishi ham mumkin.

5 aprel (juma)
«PAXTAKOR» - «NASAF»
O‘yin vaqti: 18:00.
Stadion: Toshkent, «Paxtakor» stadioni.

Turning markaziy bahsi Toshkentda o‘tkaziladi. Chempionlik uchun asosiy da'vogar «Paxtakor» o‘z maydonida «Nasaf»ni qabul qiladi. «Paxtakor» Superliganing dastlabki ikki o‘yinida «Lokomotiv» va «Bunyodkor»ni o‘z maydonida qabul qilib, yuz foizlik natija qayd etdi. Jamoa 3-turni ham Toshkentda o‘tkazadi va bu chempionat avvalidan yetakchilikni mustahkamlash uchun qo‘l kelishi mumkin. «Paxtakor» ikkita derbida ham qanchalik kuchli ekanini ko‘rdik. Arveladze jamoasi oxirgi yillarda o‘zbek futbolidagi eng kuchli klubdek ko‘rinmoqda. Mamlakatning ko‘plab eng yaxshi futbolchilarini yig‘ib olganidan keyin shunday bo‘lishi ham kerak-da, to‘g‘rimi?