15:13 / 04.04.2019
9091

Termizda O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Foto: mfa.tj

Termiz shahrida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda rahbarligida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Unda ikki davlat vazirlik va idoralarining vakillari ishtirok etdi.

Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan majlisda so‘nggi yillarda ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasidagi yaqin do‘stlik, hamkorlik aloqalari yangi bosqichda rivojlanib borayotgani alohida ta'kidlandi.

“O‘zaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston-Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik aloqalarining mustahkamlanib borayotgani xalqlarimizning tub manfaatlarini ta'minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Shunga muvofiq chegaralarimiz ochildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida havo, temir yo‘l va yo‘nalishli avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Ikki qo‘shni davlat yetakchi korxonalari va ishbilarmon doiralarining o‘zaro manfaatli hamkorligiga xizmat qiladigan sanoat ko‘rgazmalari, biznes forumlar tashkil etildi. Bu ishlar ikki tomonlama uzoq hamkorlik aloqalarini keng yo‘lga qo‘yib, tovar almashish hajmining o‘sib borishida muhim o‘rin tutmoqda. Bularning barchasi davlatlarimiz rahbarlarining yaqin qo‘shnichilikka asoslangan yuqori darajadagi faol aloqalari samarasidir”, deyiladi xabarda.

Tadbirda ikki mamlakat Hukumati delegatsiyalari tomonidan Hukumatlararo komissiyaning 5-yig‘ilishi davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari sarhisob qilindi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, madaniy-gumanitar hamda qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan tegishli kelishuv imzolandi.

Top