O‘zbekiston | 14:16 / 04.04.2019
10024
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l-transport hodisalarining muayyan qismi yo‘llar nosozligi tufayli sodir bo‘lyapti - Qonunchilik palatasi

Foto: parliament.gov.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”ga quyi palatadagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan Sanoat, savdo va qurilish masalalari qo‘mitasi hamkorligida “Xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarining hamda shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarining mavjud tarmoqlarining bugungi holati, ularni yaxshilash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi masala kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Hukumat soati”ga quyi palata deputatlariga axborot hamda savollarga atroflicha javob berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Nazarov taklif etildi.

Deputatlar tomonidan qo‘mita faoliyatiga munosabat bildirilib, joylardagi muammolar aniq dalil va misollar bilan keltirib o‘tildi. Xususan, yo‘llarning sifatsiz qurilishi aholi yoki davlatga nafaqat iqtisodiy zarar, balki boshqa talafotlarni ham keltirib chiqarmoqda. Yo‘l-transport hodisalarining muayyan qismi aynan yo‘llarning nosozligi tufayli sodir bo‘lmoqda, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, yo‘llarni sifatli va uzoq muddatli xizmat qilishini ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar talab darajasida emasligi ham tanqid ostiga olingan. Deputatlar yo‘l qurilishida zarur materiallar va texnikaning yetishmasligi, ichki yo‘llarda belgilangan me'yordan ortiq vaznga ega yuk avtomobillarining harakatlanishini cheklash, avtomobil yo‘llarini risoladagidek holga keltirishda davlat va xususiy sektor munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha ishlar talab darajasida emasligiga e'tiroz bildirgan.

“Hukumat soati”da yo‘llarning bugungi holati, ularni yaxshilash borasida qilinayotgan ishlarni jadallashtirish, sifatini oshirish yuzasidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga tavsiyalar berildi. Bu borada samarali parlament nazoratini olib borishga kelishib olindi.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan masalaning dolzarbligi, mavjud kamchilik va muammolarning respublikaning har bir hududida mavjudligi hisobga olinib, O‘zbekiston Respublikasi transport vaziriga parlament so‘rovi yuborish taklifi bildirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid