Agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan o‘z vaqtida ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Prezidentining qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining qishloq xo‘jaligi sohasidagi korxonalarning qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilindi:

mahalliy g‘alla o‘rish va paxta terish texnikalarini yetkazib berishni moliyalashtirish Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 50 foizidan oshmagan foiz stavkasi bo‘yicha va qaytarilish muddati xarajatlar qoplanishi muddatiga qarab 7 yildan 10 yilgacha bo‘lgan qarz mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi hamda moliyalashtirish hajmi Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarini shakllantirishda belgilanadi;

qishloq xo‘jaligi sohasidagi korxonalarning g‘alla o‘rish va paxta terish texnikasidan tashqari, respublikada ishlab chiqarilgan barcha turdagi traktorlar, g‘alla va paxta seyalkalari, shuningdek, uch yoki undan ortiq omoch korpuslarini xarid qilish uchun kredit va lizing shartnomalari bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari va lizing kompaniyalari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik punkti miqdorida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bunda, foiz xarajatlarini qoplashning ushbu miqdori Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining o‘zgarishiga qarab Moliya vazirligi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Qarorga muvofiq, Moliya vazirligi:

a) 2019 yilda, eksperiment tariqasida, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan paxta terish ishlariga jalb qilinadigan paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizini qoplab berishni ta'minlaydi;

b) Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda paxta terish mashinalari xizmatiga haq to‘lash xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha eksperiment natijalari asosida 2019 yil 1 dekabrga qadar ushbu amaliyotni mamlakatning boshqa hududlariga tatbiq etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni kiritadi;

v) 2019 yil 20 aprelga qadar:

mazkur qarorda nazarda tutilgan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

“O‘zagrolizing” AJ, “O‘zmashlizing” MChJ va qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi 2018 yilning IV choragida lizing asosida yetkazib berilgan texnikalar uchun o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishga 155,6 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘lar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ajratilishini ta'minlaydi.