Kecha ijtimoiy tarmoqlarda va futbol saytlarida O‘zbekiston Professional ligasining futbol klublariga yuborgan xati tarqaldi. 2 aprel kuni yuborilgan bu xatda klublarga muxlislar bilan yaxshiroq ishlash tavsiya qilingan, reglamentning 15-15-bandi tilga olingan, qanaqadir jarimalar haqida so‘z borgan.

Ochig‘i, bu xat aslida PFL tomonidan yuborilmagan «feyk» bo‘lishidan umid qilgandim. Xuddi shu holat o‘tgan yilning yozida ham kuzatilgan – o‘shanda Omon G‘ofurov imzosi bilan yuborilgan xatda chempionat formatini turnirning qoq yarmidan keskin o‘zgartirish taklifi klublarga berilgani ko‘rsatilgandi. Kechagi xatda esa, tushunmovchiliklar yetarli, bir qaraganda, klublardan o‘quv yurtlaridan talabalarni chaqirib, stadionni to‘ldirish yoki muxlislarni televizordan ko‘rinib turadigan sharqiy sektorga «haydash» talab qilinayotganga, aks holda jarima bilan qo‘rqitilayotganga o‘xshaydi.

O‘xshaydi, ammo aslida boshqacha ekan. Omon G‘ofurovning keyinchalik, «Tribuna»ga bergan intervyusiga qaraganda, xat mazmuni noto‘g‘ri tushunilgan. Kollejlar va mahallalar haqidagi gaplar klublarning marketing siyosati va yetarlicha targ‘ibot amalga oshirilmayotganiga ishora bo‘lsa, sharqiy zonani to‘ldirish futbolda yangilik emas, G‘ofurovning aytishicha, La Liga ham bu tajribani qo‘llaydi – mahsulot imijini oshirish uchun telekameralar ro‘parasini muxlislar bilan to‘ldirishning yomon tomoni yo‘q. Xo‘p.

Keling, endi vaziyatga chuqurroq yondashamiz. Avval, o‘sha mashhur 15.15-bandida nima deyilgan?

«Barcha musobaqalarga kirish chiptalarining narxi klub tomonidan mustaqil o‘rnatiladi. Shu bilan birga, chiptalarning minimal narxini O‘FA va O‘zPFL belgilaydi.

Kirish chiptalarining sotilishidan tushgan daromad uchrashuvda maydon «egasi» bo‘lgan klub ixtiyorida qoladi. Chipta narxining belgilanishida VIP-sektorlarga tutash sektorlar uchun chiqarilgan chiptalar narxi, qarama-qarshi tomon sektorlari uchun chiptalar narxidan kamida uch marta qimmatroq bo‘lishi shart. Bunda mana shu tutash sektorlar uchun chiqarilgan chiptalar narxi 50 ming so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak».

«Agar klub VIP-sektorga qarama-qarshi, ya'ni, kamera obektivi ko‘rsatayotgan sektorlarining 70 foizi muxlislar bilan to‘lishiga ishonsa, u holda klub VIP-sektorga tutash sektorlar uchun chiptalarni istalgan narxda sotishga haqli. Yo‘qsa, klubga nisbatan jarima qo‘llaniladi