13:10 / 05.04.2019
12313

Rossiya va Tojikiston migratsiya bo‘yicha yangi kelishuvni imzolaydi

Foto: Asia-Plus

Rossiya va Tojikiston yaqin vaqt ichida migratsiya sohasida yangi kelishuvni imzolaydi, deya ma'lum qildi RFning Tojikistondagi elchisi Igor Lyakin-Frolov. Hujjatlar Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning 17 aprel kuni Moskvaga rasmiy tashrifi chog‘ida imzolanadi.

Tashrif chog‘ida Tojikiston rahbari Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator ikki tomonlama bitimlarni imzolash rejalashtirilgan.

Fevral oyida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Imomali Rahmonning Moskvaga tashrifi davomida bir qator hujjatlar, shu jumladan, migratsiya masalalari bo‘yicha hamkorlikka oid kelishuv imzolanishi rejalashtirilayotgani to‘g‘risida xabar bergandi.

Igor Lyakin-Frolovning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlardan biri - Rossiyadagi korxona va muassasalarda ishlash uchun migrantlarni uyushgan holda jalb qilish bo‘yicha kelishuv. Rossiyalik diplomat tafsilotlarni ochiqlamagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi hujjat Rossiya IIVning Tojikistondagi migratsiya xizmati vakolatxonasi hamda Tojikiston Mehnat, migratsiya va aholi bandligi vazirligining Rossiyadagi huquqiy maqomi bilan bog‘liq.

Rossiyada bir millionga yaqin tojikistonlik mehnat muhojiri ishlaydi. Turli ma'lumotlarga ko‘ra, ularning pul o‘tkazmalari Tojikiston YaIM uchdan bir qismini tashkil etadi.

Bundan oldin, Rossiyada migrantlarga deportatsiya uchun xarajatlarni qoplash majburiyati yuklatilishi mumkin ekani xabar qilingandi.

Top