Jahon | 11:09 / 05.04.2019
33231
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonlik ayol xonanda tug‘ilgan kunini restoranda nishonlagani uchun jarimaga tortildi 

Foto: Sputnik

Tojikiston sudi mamlakatdagi taniqli ayol xonanda Firuza Hafizovani tug‘ilgan kunini restoranda nishonlagani uchun 5 ming somoniy (530 dollar) miqdoridagi jarimaga tortdi.

Qaror Dushanbening tuman sudi tomonidan chiqarilgan. Xonanda “An'ana, tantana va urf-odatlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi modda bo‘yicha aybdor deb topilgan.

“Qonunga ko‘ra, fuqarolar tug‘ilgan kunlarini faqat oila davrasida, do‘stlari yoki qo‘shiqchilarni taklif qilmagan holda nishonlay oladilar. Qo‘shiqchining Instagram’dagi sahifasida joylashtirilgan tug‘ilgan kunining nishonlanishi videosi sud tomonidan isbot sifatida qo‘llangan”, deyilgan sudda.

Tojikistonning “An'ana, tantana va urf-odatlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonuni 2007 yil 8 iyunda kuchga kirgan va 2017 yil avgustda qat'iylashtirilgan. Qonunga ko‘ra jismoniy shaxslar tug‘ilgan kunlarni faqatgina oila davrasida, uchinchi shaxslarni, jumladan artistlarni taklif qilmagan holda nishonlash huquqiga egalar. Shuningdek, chorva so‘yilishi taqiqlanadi. Qonun katta mablag‘lar sarflangan dabdabali to‘ylar va dafn marosimlari o‘tkazish an'anasiga chek qo‘yish maqsadida qabul qilingan.   

Mavzuga oid