O‘zbekiston | 15:52 / 06.04.2019
42482
4 daqiqa o‘qiladi

Qurilishi tugallanmagan binolarga bo‘lgan mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazishda endi tuman hokimi qarori talab etilmaydi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasida investitsion muhitni yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay imkoniyatlar yaratish, shuningdek byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Doing Business” (Biznes yuritish) yillik hisobotida reytingini yaxshilash maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi “Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1060-sonli qarori qabul qilingan.

Mazkur Qaror bilan tasdiqlangan “Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, endilikda qurilishi tugallanmagan noturarjoy binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlar tegishli loyiha tashkiloti tomonidan ularning qurilishi boshlanganligi tasdiqlangan taqdirda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi mumkin. Bunda, qurilishi tugallanmagan obektga nisbatan mulk huquqi yer uchastkasiga bo‘lgan huquq belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi hamda qurilish qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlangan loyiha asosida boshlanganligi sharti bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Boshqa toifadagi qurilishi tugallanmagan bino va inshootlarga (yakka tartibdagi uy-joylar va boshqalar) nisbatan huquqlar esa yer uchastkasini berish to‘g‘risidagi hujjatlar, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar asosida kadastr yig‘ma jildini (pasportini) tayyorlash orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. 

Ushbu orqali qurilishi tugallanmagan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda, shuningdek ularni boshqa shaxsga o‘tkazishda tuman hokimi qarori qabul qilinishi va uning ruxsatnomasini talab etish amaliyoti bekor qilindi. 

Endilikda, fuqarolar va tadbirkorlar qurilishi tugallanmagan bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha Davlat xizmatlari markazlaridan biriga murojaat etgan taqdirlarida, mulk huquqi ikki ish kunida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va belgilangan tartibda reyestrdan ko‘chirma taqdim etiladi. 

Qurilishi tugallanmagan bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek boshqa shaxslarga o‘tkazishda bu tartibning joriy etilishi fuqarolar va tadbirkorlarga bu turdagi obektlarni garovga qo‘yib kreditlar olish, moliyaviy qiyinchiliklarga uchraganda esa ularni boshqa shaxslarga sotish orqali qurilish jarayoni tugallanmasdan qolib kelayotgan binolar sonining keskin kamayishiga, byurokratiya va korrupsiogen holatlarning oldini olishga yordam beradi hamda “53 foizlik binolar” tushunchasi butunlay barham topdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Doing Business” global reytingida mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish indikatori bo‘yicha reytingi yanada yaxshilanishiga, eng muhimi mulk huquqi daxlsizligi ta'minlanishiga hamda qurilish sohasining jadal rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid