Oʻzbekistonda qurilish inspeksiyasining ruxsatnomasisiz koʻp kvartirali uylarni qurganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bu prezident 28-sentabr kuni imzolagan qonunda nazarda tutilgan. Bu haqda Adliya vazirlig matbuot xizmati xabar berdi.

«Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida»gi qonunga kiritilgan oʻzgarishlarga koʻra, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasidan ruxsat olish talab etiladi.

Inspeksiya ruxsatnomasisiz koʻp kvartirali uylarni qurganlik uchun fuqarolarga BHMning 400 baravari (176 million soʻm), mansabdor shaxslarga esa 450 baravari (198 million soʻm) miqdorida jarima belgilanadi. Jinoyat kodeksiga inspeksiya ruxsatnomasisiz koʻp kvartirali uylarni qurish maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin takror sodir etilsa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritilmoqda.

Bundan tashqari, shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish insonning oʻlimiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelsa, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingandan keyin uch oy oʻtgach (2026-yil dekabr oyi oxirida) kuchga kiradi.

Qurilish inspeksiyasi vakolatlari

Qonun bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining seysmik xavfsizlik sohasidagi vakolatlari ham aniqlashtirilmoqda.

Xususan, idora qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik xavfsizlikka oid texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini nazorat qiladi.

Shuningdek, inspeksiya elektron texpasportlar asosida bino va inshootlarni seysmik zaiflik darajasi boʻyicha klassifikatsiya qilishda, ularni instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish va seysmik barqarorlikni oshirish ishlarida ishtirok etadi.

Seysmik faol zonalarda qurilishi rejalashtirilgan va inspeksiya nazorat obyektiga kiradigan barcha turdagi bino va inshootlar, shuningdek, koʻp qavatli turar joylar uchun elektron texpasportlar shakllantiriladi. Ularda obyektlarning seysmik zaifligini baholash uchun zarur maʼlumotlar boʻlishi shart.

Bundan tashqari, inspeksiya qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik barqarorligini taʼminlash hamda mavjud obyektlarning barqarorligini oshirish choralarini koʻrishi lozim.