Dam olish kunlari Italiya chempionatida 31-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga loyiq bo‘lgan bir qancha voqealar yuz berdi.

TURINDA HAKAMLIK MOJAROSI

Turning markaziy o‘yini Turinda o‘tkazildi. «Yuventus» «Alyans Stedium»da «Milan» bilan bellashdi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yin hakamlik bilan bog‘liq mojaroga sabab bo‘ldi.

Allegri bu o‘yinga eksperimental tarkibni tushirdi. Murabbiy avvalo Chempionlar Ligasidan o‘rin olgan «Ayaks»ga qarshi o‘yinni yodda tutgan holda shunday qilgan bo‘lishi mumkin. Natijada, birinchi bo‘lim mehmonlarning ustunligida o‘tdi va ular tashabbusni golga aylantira olishdi. 39-daqiqada himoyachi Bonuchchining xatosidan foydalangan Bakayoko to‘pni qulay vaziyatda turgan Pyontekka oshirdi. Polshalik to‘purar esa darvozabon bilan yuzma-yuz chiqib, imkoniyatdan unumli foydalandi va «Milan»ni hisobda oldinga olib chiqdi.

Ikkinchi bo‘limni «Yuventus» faol boshladi va 60-daqiqada penalti ishlab oldi. Dibala uni aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirdi. Shundan so‘ng, Allegri tarkibda bir qancha o‘zgarishlarni amalga oshirdi, xususan Pyanich va yosh hujumchi Kenni tushirdi. Natijada, «Yuventus» tashabbusni qo‘lga olib, o‘yinda burilish yasadi. 84-daqiqada Ken «Milan» himoyachilari xatosidan foydalanib, gol urishga erishdi va jamoasiga g‘alaba keltirdi.

Qayd qilish joizki, endi chempionlikni rasmiylashtirish uchun «Yuventus» qolgan o‘yinlarda 1 ochko olsa kifoya.

Turindagi bahsdan keyin «Milan» sport direktori Leonardo bosh hakam Mikael Fabbrining o‘yindagi ba'zi qarorlaridan norozi ekanini aytdi. Xususan, referi 1-bo‘limda to‘p jarima maydoni ichida Sandroning qo‘liga tekkanida «Yuventus» darvozasiga penalti belgilashdan bosh tortdi. VAR orqali vaziyatni o‘rgangan Fabbri, negadir qoidabuzarlik yo‘q ekanini qayd etdi.

O‘yin oxirida esa Manjukich o‘z jarima maydoni ichida Romanolini ochiqchasiga tepdi. Bu vaziyatda ham referi penalti belgilashi mumkin edi. Ammo negadir VAR tizimidan umuman foydalanmadi.

Natijada, kamida 2ta holatda bosh hakam «Yuventus» foydasiga bahsli qarorlarni qabul qildi.

Fabbrining Turindagi g‘alati qarorlari Italiya sport matbuotining ham diqqat e'tiboridan chetda qolmadi. Bir necha markaziy sport nashrlari, sobiq hakamlar va mutaxassislar Fabbrining qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yganini tan olib, buning sabablarini qizg‘in muhokama qilmoqdalar. Bundan tashqari, Italiya hakamlar uyushmasi (AIA) rahbari Marchello Nikki «Milan» sport direktori Leonardo va bosh murabbiy Jyennaro Gattuzoni maxsus kengashga taklif qilgan. Sky Sport Italia xabariga ko‘ra, mulozim bu tadbirda Fabbrining xatolarini tan olib, «rossoneri» vakillaridan uzr so‘rashi mumkin. Ammo, bu «Milan» uchun hech qanday foyda keltirmasligi aniq, jamoa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda muhim ochkolardan mahrum bo‘ldi.