Atrof-muhit, ekologiya, sanitariya va gigiyena biz yashayotgan davrda alohida e'tiborga loyiq mavzular.
Kun.uz saytida o‘tgan yil oxirida Chinoz shahridagi kanalizatsiya va ichimlik suvlari bo‘yicha tanqidiy maqola e'lon qilingan edi. O‘shanda aholi vakillari o‘z shikoyatlarini bildirishgan va hokimiyat idorasida vazirlik, viloyat suvoqova xodimlari holatni o‘rganishga va'dalar berishgan edi.
Ammo bu va'dalar hanuz bajarilmay kelayotgani ma'lum bo‘ldi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Biz yana Chinoz da bo‘lib, murojaatchilar bilan uchrashdik. Ularning aytishicha, «biror joyda hatto cho‘p ham olib qo‘yilmagan».
«Kelib ketganinglardan so‘ng, hech kim hech ish qilmadi. Chinoz ahli haliyam shu suvlardan ichishga majbur bo‘lyapti. Mashinasi borlar boshqa joylardan suv olib kelyapti. Mashinasi yo‘qlar shuni ichishga majbur. Yana va'dalar berilyapti. Apreldan boshlashar emish. 2021 yilgacha qilinar emish. Ungacha aholi shu holatda yashayveradimi? Shuncha ishlar qilinyapti. Shu qatori shu yerga 50-60 million so‘m sarflansa aholiga foyda bo‘ladiku? Nega bizning bolalarimiz oqindi suv ichish kerak?! Qani haqiqat? Kimdir bunga chek qo‘yishi kerak-ku? Sizlarning oldingizda so‘z berishdi. O‘rganamiz deyishdi. Bu yerga kelishdi-da, vazirga borib aytamiz deb ortlariga qaytib ketishdi. Hech qanday ish qilinmadi.

Bu ishlarga aslida ko‘p xarajat ketmaydi. Odamlar jigari kasal bo‘lib o‘lib ketdi, yana qancha odamga yaralar toshib ketdi. Kasalxonama-kasalxona sarson yurishibdi. Uylarning shiftlaridagi metallar yemirilib ketyapti. Inson nima bo‘libdi?! Hammasini aytyapmiz.
O‘tgan safar borib ko‘rgan joylaringizdan bolalar bog‘chasi tarafda ham hech qanday ish qilinmagan», deydi mo‘ysafid.


















