Shaharsozlik kodeksida qurilish obektini tugallanmagan deya e'tirof etish uchun muddatni hisoblab chiqarishning yangi tartibi belgilandi, deb yozmoqda Norma.

Bu nima sababdan muhim?
 
Tugallanmagan qurilish obektlarining xususiy mulkdorlariga quyidagi ta'sir choralari qo‘llaniladi:

• yuridik shaxslar soddalashtirilgan tartibdan soliq solishning umumbelgilangan tartibiga o‘tkaziladi;
• soliq imtiyozlari va preferensiyalar amal qilishi to‘xtatilib, ushbu obektlar bo‘yicha mol-mulk solig‘i va yer solig‘i 2 karra miqdorda, 6 oy o‘tgandan so‘ng – 5 karra, 12 oy o‘tgandan so‘ng va keyinchalik – 10 karra miqdorda to‘lanadi.
 
Ushbu tartib Soliq kodeksining 269, 269-1, 283, 348-moddalarida hamda Prezidentning 4.09.2018 yildagi «Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–3928-son qarorida belgilangan.
 
Shu sababli «tugallanmagan qurilish obekti» atamasi nimani anglatishi jiddiy ahamiyatga ega.

Nega tuzatish kiritish talab etildi?
 
Soliq kodeksining 266-moddasida tugallanmagan qurilish obektlari jumlasiga nimalar kirishi ko‘rsatilgan. Ular jumlasiga:

• ushbu qurilish obektiga doir loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan normativ muddatda qurilishi tugallanmagan obektlar;
• agar qurilishning normativ muddati belgilanmagan bo‘lsa, – ushbu obektlarning qurilishiga vakolatli organning ruxsati olingan oydan e'tiboran 24 oy ichida qurilishi tugallanmagan obektlar kiradi.
 
Normativ muddat qanchaligi aniq bo‘lsa, ushbu normaning ikkinchi qismi tuzatish kiritishni talab etadi. Gap shundaki, 2019 yil 1 martdan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish bekor qilinib, uning o‘rniga ularning boshlanishi haqida xabardor qilish mexanizmi joriy etildi (5.02.2018 yildagi PQ–4160-son qaror).

Qanday hisoblaylik?
 
Shaharsozlik kodeksida hisoblashning yangi muddati belgilangan, normativ muddat loyiha-smeta hujjatlarida mavjud bo‘lmaganda – qurilish boshlangan sana. Ushbu sanadan e'tiboran ikki yil ichida tugallanmasa, obektning qurilishi tugallanmagan deb hisoblanadi.