Xususiy tashish bilan shug‘ullanuvchi yengil avtomobil egalari legallashtirilishi, soliqlarni to‘lashi, yo‘lovchilar xavfsizligi va ularga xizmat ko‘rsatish sifati oshishi zarur. QHTBT portalida muhokama qilinayotgan prezident qarori loyihasi ushbu maqsadlarga erishishga qaratilgan.

Norma taklif etilayotgan chora-tadbirlar kompleksi qanchalik samarali bo‘lishi, nimalarni takomillashtirish kerakligi haqida so‘z yuritgan.

Muammolarni bir tomonlama yondashib hal etib bo‘lmaydi 

Uzoq vaqt faqat yuridik shaxslar qonuniy ravishda taksi xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldilar. Ushbu norma bir tomonlama bo‘lgani bois deyarli amal qilmadi. Huquqiy maydonning mavjud emasligi xususiy shaxslarni to‘xtatib qola olmadi. «Yandeks taksi»ning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi ham nolegal ishlovchilarga qo‘l keldi, OAV materiallarida keltirilgan DSQ raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning ma'lumotlariga qaraganda, uning servisiga 10 mingta haydovchi ulangan, ularning aksariyati yo‘lovchilar tashish bilan shug‘ullanish uchun qonuniy asoslarga ega emas.  

Tartibga solishga urinish alohida natija bermadi. Avvaliga, Vazirlar Mahkamasining 18.05.2011 yildagi 139-son qarori qabul qilingandan keyin ommaviy axborot vositalarida nolegal taksichilarni ushlash bo‘yicha navbatdagi reys o‘tkazilganligi haqida tez-tez xabar berib turildi. Vaqt o‘tishi bilan bunday axborot shov-shuvga sababchi bo‘lmay qoldi va tez orada deyarli yo‘qqa chiqdi. Vakolatli organlar faqat jadval bo‘yicha reydlar o‘tkazish bilan cheklandilar. Qonunbuzarni reyddan tashqari javobgarlikka tortish taomili murakkablashtirilgani bois kutilgan natijani bermayapti.    

«YPX xodimlari Transport vazirligi xodimlari bilan birgalikda nolegal taksichilarni tutmoqdalar, ular mazkur sohaga oid amaldagi qonunchilikni buzganliklari uchun 20 EKIHdan 100 EKIHgacha – 2 mln so‘mdan 20 mln so‘mgacha to‘lashlari kerak. Jarimani esa sud orqali undirish mumkin. Xodimlar bayonnoma rasmiylashtirib, sudga yuboradilar, u mazkur masalani bir necha oy ichida ko‘rib chiqadi. Natijada qonunbuzar kam ta'minlanganligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra 5 EKIHgacha jarimaga tortiladi», –deya Mubin Mirzayevning Xalqaro press-klub yig‘ilishida aytgan so‘zlari keltirilgan.

Ko‘pgina xorijiy davlatlarda nolegal taksichilarga qarshi kurashishning samaraliroq usulini anchadan buyon qo‘llab kelmoqdalar. U yerda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar mazkur bozorda ishlashi uchun huquqiy maydon yaratilgan. Masalan, Rossiyada o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning aksariyat qismini taksichilar tashkil etadi.