Jamiyat | 12:02 / 11.04.2019
9691
3 daqiqa o‘qiladi

Mahallalarda «Keksalar maslahati»  guruhlari tashkil etiladi

Foto: fikr.uz

Mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshida hududning keksa avlod vakillaridan tuzilgan «Keksalar maslahati»  guruhlari tashkil etiladi. Bu haqda «Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini oshirish chora-tadbirlari»  mavzusidagi brifingda axborot berildi.

2019 yil 2 aprel kuni «Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident Farmoni qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutining mavqeini mustahkamlashga oid qator o‘zgarishlar belgilangan.

Xususan, mahallada ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini saqlashda keksa avlod vakillari va huquqni muhofaza qilish organlari nafaqadagi xodimlarining boy hayotiy tajribasidan unumli foydalanish maqsadida «Keksalar maslahati»  guruhlari tashkil etiladi.

«Keksa avlod vakillarini hech kim tinglamay qo‘ygandi. Hatto muhim tadbir va yig‘inlarga ham keksalarimizni taklif qilmaydigan darajaga borib qolgandik. Vaholanki, ular katta hayotiy tajribaga ega, hayotning past-balandini biladi. Jamiyat taraqqiyotini ta'minlashda keksalarning maslahatlaridan ham o‘rinli foydalana olishimiz kerak», —  deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruv raisi Shavkat Javlonov.

Shuningdek, yuqoridagi farmon asosida Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda «Elektron hukumat»  tizimi doirasida «Mahalla»  elektron ma'lumotlar bazasini ishga tushirish belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va o‘rinbosarlari lavozimiga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Oqsoqollar vakolatlarining yangi muddati uch yil etib belgilangan. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi ma'lumotlariga ko‘ra, mahalla raisligiga ko‘rsatilgan nomzodlarning aksariyatini iste'fodagi harbiylar tashkil etadi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid