Jahon | 09:39 / 11.04.2019
17992
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda Tajik Air sobiq rahbari qo‘lga olindi

Foto: Asia-Plus

Tojikiston prokuratura organlari tomonidan Tajik Air milliy aviatashuvchi sobiq rahbari Xayrullo Rahimov qo‘lga olindi. Bu haqda «AP» mamlakat Bosh prokuraturasidagi manbaga tayangan holda xabar berdi.

U xizmat vakolatini suiiste'mol qilish, aviakompaniya mablag‘larini talon-toroj etish, qo‘shib yozishda ayblanmoqda, deya ta'kidlab o‘tgan manba.

Yanvar oyi oxirida Tojikiston bosh prokurori Yusuf Rahmon jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida mahkama Tajik Air’ning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshiruvdan o‘tkazishni boshlagani haqida ma'lum qilgandi.

Manba so‘zlariga ko‘ra, talon-toroj etish, qo‘shib yozish, aviakompaniya pul mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari bo‘yicha jinoiy ish nafaqat Xayrullo Rahimovga, balki uning Tajik Air sobiq rahbarlari orasidagi hamtovoqlariga nisbatan ham ochilgan.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 2018 yilning dekabr oyida Tajik Air faoliyatini tekshirish haqida ko‘rsatma berib, aviakompaniya tomonidan oshirilgan narxda sotib olingan Boing 767-332 laynerini tilga olgandi.

Mavzuga oid