Bugun “Kosmonavtika kuni”. Ko‘plab mafkuraviy bayramlardan farqli ravishda bu sana dunyoning ko‘pchilik davlatlarida nishonlanadi. Jumladan, O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida ham bugun, 12 aprel kuni harbiy orkestr va jamoatchilik ishtirokida koinotni zabt etgan ilk inson sifatida alqanuvchi Yuriy Gagarin haykali poyiga gullar qo‘yildi.

Ibtido
Insoniyat hamisha samoga tikilib o‘tgan, uzun tunlardagi yulduzlar jilosi ming yillarki odamlarni sehrlab kelgan. Mirzo Ulug‘bek Ko‘ragoniy ham shohligi bilan emas, aynan falakiyot olimi ekanligi bilan tarixda o‘chmas iz qoldirdi. Fan-texnika inqilobi qayd etilgan yigirmanchi asrga kelib esa koinot orzusiga erishish istagi juda kuchayib ketdi hamda buning uchun ikki raqobatchi davlat – SSSR va AQSh o‘rtasida mislsiz poygaga kirishildi.
Aslida dastlabki qadamlarda, bu jarayon poydevorida qurollanish poygasi yotardi. Ikkinchi jahon urushi yakuniga ko‘ra AQSh ixtiyorida dahshatli qurol – atom bombasi mavjudligi oshkor qilingan va bu bomba insoniyat gardanida sinab ham ko‘rilgandi. Nagasaki va Xirosima fojiasi qurol gegemonligi nuqtai nazaridan yetakchini aniqlab qo‘ygandek edi. Buning ustiga NATOning kallakli reketalari SSSRning muhim nuqtalariga qadar uchib bora oladigan darajaga yetib qolgandi.
Ana shunday bir paytda ittifoq rahbariyati Sergey Korolyov boshliq guruhga raketalarni takomillashtirish bo‘yicha topshiriq beradi. Korolyovning bolalikdan orzusi koinotga raketa uchirish edi va bu bo‘yicha urushga qadar ham loyihalar qilgandi. Ammo o‘ttiz yettinchi yil katta terrorida u ham panjara ortiga ravona bo‘ladi va faqat hunari tufayligina joni omon qoladi. Bu qamoq samoga oid tadqiqotlarni bir necha yilga ortga suradi. Urushdan keyin esa undan asosiy e'tiborni harbiy salohiyatni kuchaytirishga qaratish talab qilinadi. Ammo Korolyov har ikki tomonni birgalikda olib boradi va samoga sun'iy yo‘ldosh uchirish loyihasini ilmiy jihatdan asoslab beradi. Bu loyiha AQShdan o‘zib ketish imkoniyati borligi tufayli Nikita Xrushchev tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va 1957 yilning 6 oktyabrida SSSR ilk sun'iy yo‘ldoshni uchirishga muvaffaq bo‘ladi.
Bu xabar yashin tezligida butun dunyoni aylanib chiqdi, barcha gazetalar insoniyatning bu yutug‘i to‘g‘risida bong urdi. AQSh tomoni esa “Sputnik-1”ni hadik bilan qarshi oldi. Ular o‘z hududining samodan kuzatilishi va lozim bo‘lganda nishonga aylanib qolishidan xavotirlanishardi. Ammo sun'iy yo‘ldosh oddiygina radiouzatish qurilmasi bilan jihozlangandi xolos.
















