Tahririyatdagi hamkasblar bilan haftada ikki marta futbol o‘ynab turamiz. Yaqinda «Bunyodkor» akademiyasiga tegishli zalda klubning yoshlar jamoasi bilan birga futbol o‘ynadik. Shunda bir hamkasbimiz «Klublarning yoshlar jamoasi shunaqa zo‘r o‘ynasa, nega biz Jahon Chempionatiga chiqa olmaymiz?», deb so‘rab qoldi ajablanib. Haqli savol. Javob esa oddiy: biz o‘sha talantli, zo‘r o‘ynaydigan futbolchilarni qadrlashni bilmaymiz.

«Bunyodkor» futbol akademiyasi ko‘chirib yuborilishi haqidagi mish-mishlar tarqalganidan so‘ng klub rahbariyati va O‘FA vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan bog‘lanib, masalaga oydinlik kiritgandik. Klubdagilar akademiya ko‘chsa, 800 dan ortiq o‘quvchi bilan qayerga borishni bilmasliklarini aytishgandi, O‘FA rahbariyati esa akademiya hech qayerga ko‘chirilmasligini aytib, bir qarashda masalaga nuqta qo‘ygandi.

Lekin biz bunday ma'lumotlarga ham qoniqmay, barchasini chuqurroq o‘rganishga qaror qildik. Yuqorida aytganimiz yosh «qaldirg‘ochlar» bilan futbol o‘ynaganimizdan so‘ng ulardan sharoitlar haqida so‘radik va shunday javob oldik: «Issiq suv yo‘q, sovuq suvda yuvinamiz. Anchadan buyon shu ahvol. Ko‘pchilik shamollab ham bo‘ldi...».

Shaxsan men uchun har ikki tomondagi mansabdorlarning so‘zidan ko‘ra, to‘p tepishni hayotining eng muhim qismi deb biladigan, futbol o‘ynashdan to‘ymaydigan yosh bolalarning fikri muhimroq. Chunki mansabdor shaxs o‘z foydasiga gapirishi mumkindir, ammo yosh bola aldamaydi. U bor gapni gapiradi. Yuqorida aytganim yosh «qaldirg‘ochlar» bir martagina yutqazib, mag‘lubiyatni asabiy muhokama qilayotganini ko‘rib, ularda halitdan g‘oliblik ruhi, mag‘lubiyatni hazm qila olmaslik xarakteri shakllangani sezildi. Lekin mana shunday bolalar yaxshiroq o‘ynashi uchun qulaylik yaratish o‘rniga bor sharoitlar ham yo‘q qilinmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, qish tugaganidan buyon akademiya hududida issiq suv yo‘q. Bu shaharda kuzatiladigan issiq suv uzilishi bilan bog‘liq oshib borsa bir hafta davom etadigan uzilish emas, yoppasiga uzilish! Ha, aynan shunday! Akademiyada suv o‘z hududidagi qozonxonada isitiladi. Biroq yuqorida aytganimizdek qish tugaganidan buyon akademiya hududida gaz yo‘q. «Bunyodkor» stadioni hududiga kelgan gazni taqsimlash uskunasi gazni ikkiga bo‘lib yuboradi. Bir tomoni stadionga, bir tomoni akademiyaga ketadi. Stadionda gaz bor, lekin akademiyada yo‘q! Chunki o‘chirib qo‘yilgan.

Darvoqe, stadionni bejizga «Bunyodkor» deb atamadik. «Bunyodkor» klubi rahbariyatining aytishicha stadion hozirda «Milliy» deb atalayotgan bo‘lsa-da, arena yuridik jihatdan hamon «Bunyodkor» klubiga tegishli. Stadion nomi ham huquqiy jihatdan «Bunyodkor».