Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamasi saytiga avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi mexanizmini belgilab beruvchi hujjat loyihasi joylashtirildi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar bermoqda.
Loyihaga ko‘ra, avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va avtoraqam berish xizmati tajriba tariqasida 2019 yil 1 maydan boshlab, Toshkent shahrida Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladi.
Bunda, markazlar orqali quyidagi toifadagi avtotransport vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda:
– O‘zbekistonda ishlab chiqilgan va xorijdan keltirilgan yangi avtomototransport vositalari;
– notarial oldi-sotdi shartnomasi asosida mulkdori o‘zgargan ikkilamchi avtotransport vositalari.
Avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun fuqarolardan faqatgina pasport va mulk huquqini e'tirof etish hujjati (avtosalonlardan beriladigan hisob-ma'lumotnoma, bojxona deklaratsiyasi yoki oldi-sotdi shartnomalaridan biri) taqdim etiladi xolos.
Xizmat ko‘rsatish vaqti – atigi 1 soat.
Loyiha aholini qiynayotgan asosiy ikki muammo – byurokratiya va korrupsiyani istisno etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Agentlikning taklifiga ko‘ra: endilikda avtotransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirish, texnik ko‘rikdan o‘tkazish talab etilmaydi.
Ko‘rikdan o‘tkazmasdan, ya'ni, avtotransport vositasining dvigateli, shassi raqamlarini ko‘rib solishtirmasdan turib avtotransport mulkdorini belgilashning xavflilik darajasi baland emasmi degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Javob bitta – bunda hech qanday risk yo‘q. Qanday qilib?
Sababi, O‘zbekistonda ishlab chiqilgan avtotransport vositasi sotib olinganda, avtosalonlar mulk huquqini e'tirof etish hujjatlarini (schyot-spravkalarni) shundoq ham avtomototransport vositalarining turi, markasi, modeli, ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgisi, identifikatsiyalovchi shassi (rama), kuzov va dvigatellar raqamlarini solishtirgan holda beradi.
Shunday ekan, buni yana qayta texnik yoki boshqa ko‘rikdan o‘tkazishga ehtiyoj mavjud emas.
Xuddi shunday, xorijdan keltirilgan yangi avtotransport vositalari haqidagi ma'lumotlar (deklaratsiya hujjatlari) ham bojxona organlari tomonidan elektron tizimga kiritib boriladi, ularni tizim orqali tekshirish imkoniyati yaratilgan.
















