Iqtisodiyot | 13:06 / 13.04.2019
8430
2 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha komissiyaning asosiy vazifalari belgilandi 

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi, "Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda ular asosida qabul qilingan agrar va oziq-ovqat sohalarini isloh qilishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishini ta'minlash;

qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va hukumat qarorlarida berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan muntazam ravishda monitoring olib borish;

vazirliklar, idoralar va hududiy komissiyalar bilan birgalikda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, agrar va oziq-ovqat sohalarida ilg‘or, resurstejamkor va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish;

paxta xomashyosi, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning samarali usullarini keng joriy etish, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirish va ushbu maqsadlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etish ishlarini muvofiqlashtirish;

ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlarining samarali faoliyatini va moliyaviy barqarorligini ta'minlash borasida ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan normativ-xuquqiy bazani takomillashtirish.

Mavzuga oid