O‘zbekiston | 13:09 / 15.04.2019
33797
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida qanday hujjatlar imzolandi?

Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari muzokaralari yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Qozog‘iston Respublikasi milliy iqtisodiyot vaziri Ruslan Dalenov Markaziy Osiyo savdo-iqtisodiy xalqaro markazni tashkil etish masalasi bo‘yicha idoralararo anglashuv memorandumini;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Jasur Akromov hamda Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Beybut Atamkulov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan Qozog‘iston Respublikasi Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandumni;

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov hamda Qozog‘iston Respublikasi mudofaa vaziri Nurlan Yermikbayev havo hujumidan mudofaa sohasida hamkorlik to‘g‘risida idoralararo bitimni hamda ikki davlat harbiy aerodromlarida harbiy havo kemalarini qabul qilish, aerodrom texnik ta'minoti va harbiy havo kemalarini qo‘riqlash to‘g‘risida idoralararo bitimni;

O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Qudbiyev hamda Qozog‘iston Respublikasi mehnat va aholini muhofaza qilish vaziri Berdibek Safarbayev mehnatkash migrantlarning mehnat faoliyati va huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitimni;

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hamda Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Beybut Atamkulov noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitimni, daromadlarga va mulkka ikki yoqlama soliq solinishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bitim doirasida rezidentlikni tasdiqlovchi rasmiy hujjatlarni tan olish tartibi to‘g‘risida bitimni hamda ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini;

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qasim Jomart-To‘qayev davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotini imzoladi. 

Mavzuga oid