Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar taksi agregatorlari ishidan norozilik bildirishda davom etmoqdalar. Yo‘lovchilar oldida kim javobgar bo‘ladi, ushbu shikoyatlarga qanday barham berish mumkin? Norma muxbiri ushbu savollarga javob izladi.

Yangi ishtirokchi uchun huquqiy maydon

Tashuvchilarga mijozlar izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlar ko‘rsatuvchi taksi agregatorlari qonun hujjatlarida tilga olinmaganiga qaramay, ular taksi bozorini rivojlantirishga katta hissa qo‘shishga ulgurdilar. Ular o‘rtasidagi raqobat tufayli ushbu sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish va modernizatsiya qilish jarayoni boshlandi. Yaqin orada yo‘lovchilarni eng qulay usulda tashishni rivojlantirishda ularning roli kuchayib boradigan ko‘rinadi.

Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida yo‘nalishsiz taksi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi qabul qilingan taqdirda mamlakatimiz qonunchiligida agregatorlar faoliyatini tashkil etishga doir talablar belgilangan dastlabki hujjat paydo bo‘ladi. O‘zbekiston hududida bunday servislar bilan mamlakatimizda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik shaxslargina ishlay oladilar. Agregatorlar faqat qonun doirasida ishlaydigan tashuvchilar bilan ishlash huquqiga ega bo‘ladilar. Bularning bari taksi bozorini yanada tartibga soladi, yo‘llarda xavfsizlik ta'minlanishini kuchaytiradi.

Biroq ushbu hujjatning qabul qilinishi agregatorlar faoliyat yuritishi uchun huquqiy maydon yaratish yo‘lida qo‘yilgan dastlabki qadam bo‘lishi hozirdanoq ko‘rinib turibdi. Tez orada ular faoliyatiga doir boshqa jihatlarni tartibga soluvchi yangi hujjatlarga zarurat tug‘iladi.

Javobgarlarni qanday topish mumkin

O‘zbekiston bozorida ishlovchi agregatorlar yo‘lovchi va taksi bir-birini topadigan oddiy maydoncha emas. Ushbu dasturlar yo‘ldagi masofani va safar qiymatini hisoblab beradi. Ya'ni iste'molchi va taksi o‘rtasidagi munosabatlarda e'lonlar taxtasidan ko‘ra muhimroq rol o‘ynaydi. Agregatorlar yo‘lovchilarga ham, taksichilarga ham kompleks xizmatlar ko‘rsatadi. Bir ishga qo‘l urdingizmi, uni vijdonan va maromiga yetkazib bajarishingiz kerak. Agregatorlarning xizmatlari bepul emas, taksichilar har bir mijoz uchun vositachilik haqi to‘laydilar. Binobarin, agregatorlar ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati uchun muayyan darajada javobgarlikni zimmalariga olishlari lozim. Agregator litsenziyaga ega shaxslar bilangina ishlashga haqli ekanligini belgilovchi bitta qoidaning o‘zi kamlik qiladi.