Sport | 15:53 / 16.04.2019
11546
4 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: Axbor Imomxo‘jayevning yangi kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Bugun, 16 aprel kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida taniqli futbol faxriysi Axbor Imomxo‘jayevning «Asr futbolidagi asl qadrdonlarim» nomli yangi kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbek futbolining taniqli vakillari ishtirokida o‘tgan tadbirdan Tribuna.uz muxbiri xabar beradi.

Dastlab so‘zga chiqqan Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov muallifga o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilotlar nomidan minnatdorchilik bildirdi.

«Butun bir millat futboli haqida kitob yozish, yosh avlodga o‘zbek futboliga poydevor qo‘ygan mutaxassislar haqida hikoya qilib berish, ular nomini tarixga muhrlash har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bu juda katta mehnat, iroda, kuch-g‘ayrat va albatta vaqt talab qiladi.

O‘zbek futboli tarixida hali bu qadar katta ensiklopedik xarakterdagi kitob chop etilmagan edi. Ishonchim komilki, 800 betlik ushbu katta kitob nafaqat o‘zbek futboli befarq bo‘lmagan insonlarning sevimli adabiyotiga aylanadi», – dedi Ahmadjonov.

1995-2005 yillarda O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti sifatida faoliyat yuritgan Zokirjon Almatov o‘z so‘zida Axbor Imomxo‘jayevning o‘zbek futboli rivoji yo‘lidagi mehnatlarini alohida ta'kidlab, jumladan, shunday dedi:

«Sizni xalq hali ham sog‘inadi. Eshitgisi keladi. Sizning ovozingizni odamlar sog‘ingan. Hali ham bo‘lsa, imkon darajasida ba'zida O‘zbekiston terma jamoasining o‘yinlarini sharhlab tursangiz yomon bo‘lmasdi».

«Futbol ham va umuman sport o‘zbek diplomatiyasining bir turi hisoblanadi, – deb davom etdi Almatov. – Agar O‘zbekiston o‘g‘loni yoki qizi olimpiya chempioni yoki jahon chempioni bo‘lsa, O‘zbekistonning bayrog‘i ko‘tariladi, madhiyasi yangraydi. O‘zbekiston Jahon chempionatida yoki boshqa bir katta musobaqada o‘ynasa, uni butun dunyo tayindi. Bir sportchi o‘nlab diplomatning ishini amalga oshirishi mumkin».

Qayd etish kerak, yangi nashr Axbor Imomxo‘jayevning bungacha nashr etilgan kitoblaridan salmog‘i jihatdan anchaga farq qiladi – u 800 sahifadan iborat. MOQ va O‘FA ko‘magida nashr etilgan kitobda o‘zbek futboliga oid ko‘plab tarixiy materiallar, xotiralar, qiziqarli faktlar keltiriladi. Shuningdek, unda O‘zbekiston futboli tarixida yorqin iz qoldirgan murabbiy, futbolchi, mutaxassis va sport jurnalistlari haqida ham qator qimmatli ma'lumotlar uchraydi. Muallif ushbu kitob ustida 12 yil ishlagan.

Ma'lumot uchun, o‘zbek futbol sharhlovchiligining asoschisi Axbor Imomxo‘jayev 1936 yilning 19 fevralida Toshkentda tug‘ilgan. U O‘zbekiston televideniyesi tarixida futbol uchrashuvini o‘zbek tilida sharhlagan birinchi sport sharhlovchisi (1961 yil 20 aprel, «Paxtakor»-TsSKA) sanaladi. Axbor Rustamovich O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, «Shuhrat» medali sohibi, «Oltin qalam» milliy mukofoti laureati hamdir. Turli yillarda «Futbol – quvonchim, dardim, faxrim», «Maftuningman futbol», «O‘zbegimning Mirjaloli» kitoblari nashrdan chiqqan.

 

Mavzuga oid