O‘zbekiston | 16:52 / 16.04.2019
3246
5 daqiqa o‘qiladi

Turizm, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, DXSh qonun bilan tartibga solinadi

Foto: parliament.gov.uz

2019 yil 16 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, parlament vakillari dastlab «Turizm to‘g‘risida»gi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Ta'kidlash joizki, Oliy Majlis quyi palatasining shu yil 2 aprelda bo‘lib o‘tgan majlisida mazkur loyiha “Turizm to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rinishida ikkinchi o‘qishda qizg‘in muhokamalarda ko‘rib chiqilgan edi. Unda deputatlar tomonidan bildirilgan fikr, muhokama va takliflarning asosiy maqsad-mohiyati amaldagi “Turizm to‘g‘risida”gi qonunga qariyb yetmish foiz o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotgani, turizmga endilikda iqtisodiyotning strategik maqomi berilganidan kelib chiqib, loyiha uchinchi o‘qishga “Turizm to‘g‘risida”gi yangi qonun sifatida tayyorlandi. Unda belgilangan 21 ta asosiy tushunchadan 9 tasi, masalan, “turistik xizmatlar buyurtmachisi”, “joylashtirish vositasi”, “turistik faoliyat” kabi tushunchalar tegishli moddalarga singdirildi va asosiy tushunchalar sirasidan chiqarib tashlandi. Loyiha qator yangiliklar, yangi atamalar va tushunchalarga boy bo‘lgani uchun Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasida qonun ijodkorlari, mutaxassislar va tilshunoslar ishtirokida yana bir bor muhokamadan o‘tkazilib, yuridik atamalar va til qoidalariga to‘liq muvofiqlashtirildi.

Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham muhokamalarga boy bo‘ldi.

Ta'kidlanganidek, O‘zbekistonning rivojlanishi uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish mamlakatning energetik, ekologik va iqtisodiy xavfsizligi maqsadlarida, shuningdek, respublika energetikasining barqaror rivojlanishi uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, qayta tiklanuvchi energetika chekka, tog‘li va uzoq hududlarning energiya ta'minotida iqlim sharoitimizga mos quyosh resurslari, kichik gidroenergetika, shamol resurslari, biomassa va geotermal energiya iqtisodiy asoslangan energiya manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Muhokamalar chog‘ida qayd etilganidek, ayni sohadagi munosabatlarni tartibga solish borasida qator normativ hujjatlar, tegishli qarorlar qabul qilingan, keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu sohada alohida qonunning qabul qilinishi esa, avvalo, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada keng rivojlantirish va joriy etishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy bazani, sohadagi ishlar uchun qonuniy asos, kafolat yaratish orqali chet ellik investorlarning ishonchini qozonish hamda manfaatlarini ta'minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida, ijtimoiy sohalarda energiya samaradorligini hamda yoqilg‘i-energetika balansini, mamlakat energetika xavfsizligini ta'minlash, sohada davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini va majmuaviy chora-tadbirlarini tizimli mustahkamlashga ko‘maklashadi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishdagi muhokamalarda bildirilgan asosiy e'tirozlar — havolaki normalar bartaraf etildi, sohaning vakolatli organi aniq belgilandi.

Majlisda muhokamasi qizg‘in kechgan masalalardan yana biri «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘ldi. Qayd etilganidek, mazkur loyiha mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asosini yaratish, xalqaro amaliyotga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirish bo‘yicha yagona qoida va tartibotni o‘rnatishni ko‘zda tutadi. Loyihaning qabul qilinishi chet el investitsiyalarni yanada keng jalb etish, istiqbolli loyihalarni xalqaro tajriba asosida amalga oshirishga imkon beradi. Bundan tashqari, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga, davlat-xususiy sheriklik jarayonlariga jalb qilinadigan sohalarda mutaxassislarning malakasini yuksaltirishga ko‘maklashadi.

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi, deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid