Respublikaning turli hududlaridan hokimiyat tomonidan fermerlarga qarashli yerlar olib qo‘yilishi masalasida tahririyatga murojaatlar soni ortmoqda. Bu safargi murojaat Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidan. Murojaatni joyiga borib o‘rgandik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Istara-iqtidor rivoji» fermer xo‘jaligi rahbari Samad To‘raboyev va  «Shaxzod To‘raboyev» fermer xo‘jaligi rahbari Sherzod Namozovlar bo‘lib o‘tgan voqealarni shunday so‘zlab berdi.

Samad To‘raboyevning aytishicha, 2018 yilning 27 dekabr kuni «Yangi taraqqiyot» hududida faoliyat yuritayotgan bir nechta fermerlar yerlari hokimiyat tomonidan olib qo‘yilayotgani haqida xabar olgan. Shu zahoti to‘planib, tuman hokimligiga borishgan. Hokim qabulida bo‘lgan chog‘larida tuman hokimi xavotirga o‘rin yo‘qligi va kelgusi hosilga tayyorgarlik ishlari bilan band bo‘lishi mumkinligini aytgan. Lekin shu kunning ertasiga ularga tegishli yer maydoni boshqa bir «Qiziriq parranda LTD» fermer xo‘jaligiga berib yuborilgan. Ular bundan 2019 yilning 6 yanvarida xabar topishgan. Yana tuman hokimligiga borishgan. 2018 yilning to‘rtinchi choragida yer uchun mablag‘ sarflagani va yer ularga zarurligini aytib, nega boshqa shaxsga berib yuborilganini so‘rashgan. Lekin tayinli javob olishmagan.

Samad To‘raboyev va Sherzod Namozov

«E'tibor bergan bo‘lsangiz, tumanimizda katta korxonalar, zavodlar yo‘q. 633 gektar yerda deyarli 1500 ga yaqin inson rizqini teradi. Yangi tuzilgan fermerlik esa 20 tadan ortiq ishchi olmayman deb aytdi.

Hokimning fuqarolarni qabul qiladigan kunlarida bir necha marta bordik. Lekin doim bir gap: «Yangi taraqqiyot» hududidan fermer bo‘ladigan bo‘lsa, unga yer berilmaydi, deb aytadi.

Janjallardan keyin yer boshqa bir «Qiziriq zarbdor parranda LTD» degan tovuqchilik firmasiga o‘tdi, deb eshitdik. Birovning yeri bo‘lganidan keyin kirishga ikkilanib turibmiz. Tovuqchalik ham qadrimiz yo‘qligiga achinib ketamiz.