Vazirlar Mahkamasining “Elektr energetika tarmog‘ida tarif siyosatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari;

Elektr energiyasi uchun tariflarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi va 2020 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiritiladi.

2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlariga ko‘ra, quyidagilar tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:

iste'molchilarning elektr energiyasidan asoslangan va raqobatli tariflar bo‘yicha foydalanishini ta'minlash;

elektr energetika tarmog‘ining moliyaviy barqarorligi va investitsiya jozibadorligini ta'minlash;

ishlab chiqarish quvvatlarini, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kengaytirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini ta'minlash, ishlab chiqariladigan mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash;

o‘tish davrida elektr energetika tarmog‘i tashkilotlarining operatsion va kapital xarajatlari, zarur sof foydasini to‘liq qoplashni ta'minlashga qaratilgan elektr energiyasi uchun narxni shakllantirish prinsiplarini belgilash;

tariflarni belgilashda takroriy subsidiyalash amaliyotini bosqichma-bosqich bekor qilish va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq manzilli subsidiyalar berish orqali aholining kam ta'minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni ta'minlash;

elektr energetika tarmog‘ini oshkora, izchil va oldindan taxmin qilish imkoniyatini beruvchi tartibga solishni o‘rnatish, shu jumladan investorlar tomonidan tartibga solish tavakkalchiligini his qilishni kamaytirish maqsadida tariflarni uzoq muddatga belgilash amaliyotini bosqichma-bosqich joriy qilish;

barcha guruhlardagi iste'molchilarda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini to‘liq joriy etgandan keyin tabaqalashtirilgan tarifni joriy etish;

ilg‘or xalqaro amaliyot hisobga olingan holda, 2023 yilgacha tariflarni shakllantirish metodikasiga bosqichma-bosqich o‘tish.