«Barselona» Chempionlar ligasi chorakfinalida «Manchester Yunayted»ni ikkinchi o‘yinda ham mag‘lub etdi (3:0) va yarimfinalga yo‘l oldi.
Chempionlar ligasi. 1/4 final. Javob o‘yini
«Barselona» – «Manchester Yunayted» – 3:0 (2:0)
Gollar: Messi, 16 (1:0). Messi, 20 (2:0). Koutinyu, 61 (3:0).
«Barselona»: ter Shtegen, Serji Roberto (Semedu, 71), Pike, Langle, Jordi Alba, Rakitich, Buskets, Artur (Vidal, 75), Messi, Suares, Koutinyu (Dembele, 81).
«Manchester Yunayted»: de Xea, Jons, Lindelyof, Smolling, Yang, Maktominey, Pogba, Fred, Lingard (Sanches, 80), Reshford (Lukaku, 73), Marsiyal (Dalot, 65).
Ogohlantirish: Suares, 77.
Hakam: Brix (Germaniya).
16 aprel. Barselona. «Kamp Nou».
Birinchi o‘yin – 1:0.
To‘rtinchi urinish
2015 yilda «Yuventus»ni mag‘lub etib, Chempionlar ligasini qo‘lga kiritgan «Barselona» keyingi 3 mavsumda turnirdagi ishtirokini chorak finalda to‘xtatgandi. Bu katalonlar jamoasi muxlislari uchun alamli fakt, qolaversa bu 3 mavsumda «quloqli kubok»ni «Real» o‘ziniki qilgan. Nihoyat to‘rtinchi mavsum ularga ko‘p narsalar va'da qilmoqda: birinchidan, «qaymoqranglilar» YeChLni bu safar erta tark etishdi, ikkinchidan «Barselona» chorakfinaldagi birinchi o‘yinda, safarda «MYu»ni mag‘lub etib qaytgandi. Bu katalonlarning tarixda «Old Trafford»da ilk marta g‘alaba qozonishi bo‘ldi, qolaversa jamoa pley-offda oxirgi 7 o‘yinda birinchi g‘alabaga erishdi. Endi «Kamp Nou»da inglizlarga ortiq imkon bermaslik talab etilardi, xolos.
Reshfordning to‘singa tekkan zarbasi
Sulsher jamoasi mart oyida birinchi o‘yindagi mag‘lubiyatdan qanday chiqib keta olishini ko‘rsatib ulgurgandi. «PSJ»ga o‘z uyida ikki to‘p farqi bilan mag‘lub bo‘lgan manchesterliklar Parijda raqibni yakson etgandi va o‘zi bilan hisoblashmaslik qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatib qo‘ygandi. Kataloniyadagi o‘yinning ilk 10 daqiqaligida bunga hamma guvoh bo‘ldi. «Barselona» futbolchilari tashabbusni raqibga topshirib qo‘yishdi - mehmonlar maydon egalarini maydonning ikkinchi qismiga qamab qo‘yishdi, faol ravishda pressing qilishdi, raqibni xato qilishga majbur qilib, to‘pni olib qo‘yishdi. Birinchi daqiqadayoq Pogba Reshfordni qulay vaziyatga chiqardi, ammo angliyalik yosh hujumchining zarbasi ter Shtegen qo‘riqlayotgan darvoza to‘siniga tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketdi. «Barsa»ning yarimfinal o‘yinlari uchun band qilgan chiptalari xavf ostida qolgandi.

















