So‘nggi vaqtlarda mahalliy hokimlik va tadbirkorlar o‘rtasida turli nizo va tushunmovchiliklar yuzasidan tahririyatga murojaatlar ko‘paymoqda. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruvlar jarayonida tadbirkor mahalliy hokimlik mutasaddilarini ayblasa, hokimlik tadbirkorning o‘zini aybdor qiladi.

Kun.uz saytiga navbatdagi shunday mazmundagi murojaat Kattaqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Elyor Qodirovdan keldi.

«Men 2018 yil aprel oyida tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tuman hokimiyati yonida joylashgan istirohat bog‘idan muzqaymoq va salqin ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan pavilon qurish uchun yer maydoni ajratishini so‘rab tuman hokimiga murojaat qilganman. Murojaatim natijasiz qolgani sababli tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari N.Sanaqulovga uchrashganimda, u men so‘ragan joydan yer ajratib berish uchun 100 million so‘m pul talab qildi. Shundan so‘ng men Samarqand viloyati hokimiga shaxsan uchrashib, masala va muammolarni tushuntirganimdan keyin u kishining yordami bilan tuman hokimligi yuqorida aytilgan manzilda yer ajratib berishdi. Men tuman hokimligi tomonidan talab qilingan hujjatlarni tayyorlaganimdan so‘ng ularning ruxsati bilan qarorda ko‘rsatilgan maydonda qurilish ishlarini boshladim. Qurilish jarayonida tuman hokimi shaxsan o‘zi kelib, qurilish ishlariga baho berib, qo‘shimcha yer maydoniga yo‘lak qilishimni, temir chambaraklar o‘rnatib, gulxona qilishimni va manzarali daraxtlar ekishimni, kelin-kuyovlar uchun alohida qo‘shimcha joy qurishimni tayinlab, topshiriq berdi. Tuman hokimi bu topshiriq ijrosi yuzasidan telefon qilib, eslatib ham turdi. Men tuman hokimi tomonidan berilgan topshiriqlarni bajarib, zamonaviy pavilonni qurib bitkazdim. Ammo bugungi kunda tuman hokimiyati mutasaddilari kelib, «qarorda ko‘rsatilgan muddatda shartnoma tuzmagansan, sen qonunga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan qo‘shimcha yer maydoniga qurilish qilgansan», degan vaj bilan qarorni bekor qilishlarini, men qurgan pavilonni buzishi yoki kimoshdi savdosiga qo‘yib, sotib yuborishlarini aytib, menga bosim o‘tkazishayapti. Mening aybim tuman hokimi o‘rinbosariga 100 million so‘m bermaganimmi?», – deyiladi murojaatda.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganib, tadbirkor bilan suhbatlashdik. Elyor Qodirov yuqorida yozilgan e'tirozlarini aytar ekan, qarorda ko‘rsatilgan muddatda shartnoma tuzganini va o‘zboshimchalik emas, balki tuman hokimi topshirig‘i asosida qo‘shimcha yer maydoniga qurilish qilganini ta'kidladi.

O‘rganishimiz davomida masalaga tegishli hujjatlar bilan ham tanishdik. Ma'lum bo‘lishicha, Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining 2018 yil 20 avgustdagi «Fuqaro Qodirov Elyor Mamatqul o‘g‘liga pavilon sifatida foydalanib, aholiga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish uchun vaqtincha foydalanishga 0,02 ga yer maydonini ijaraga berish to‘g‘risida»gi 1520-q-sonli qarori bilan tadbirkorga ijara asosida yer ajratib berilgan.