«Manchester Siti» va «Tottenhem» Chempionlar ligasining chorakfinalida ertaknamo o‘yin namoyish etishdi - jamoalar birgalikda jami 7ta gol urishdi. Zamonamizning eng yaxshi murabbiylaridan biri Xosep Gvardiola bu safar ham finalga yetolmadi.
Chempionlar ligasi. 1/4 final. Javob o‘yini
«Manchester Siti» (Angliya) – «Tottenhem» (Angliya) – 4:3 (3:2)
Gollar: Sterling, 4 (1:0). Son Xin Min, 7 (1:1). Son Xin Min, 10 (1:2). Bernardu Silva, 11 (2:2). Sterling, 21 (3:2). Aguero, 59 (4:2). Lorente, 73 (4:3).
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Kompani, Lyaport, Mendi (Sane, 84), De Bryuyne, Gundo‘g‘an, Silva (Fernandinyu, 63), Sterling, Aguero, Bernardu Silva.
«TottenHem» (London): Lloris, Tripper, Alderveyreld, Fertongen, Rouz (Sanches, 90+1), Alli, Vanyama, Sissoko (Lorente, 41), Eriksen, Lukas Moura (Deyvis, 81), Son Xin Min.
Ogohlantirishlar: Sissoko, 41. Son Xin Min, 48. Rouz, 54. Vanyama, 77.
Hakam: Junayt Chaqir (Turkiya).
17 aprel. Manchester. «Etihad» stadioni.
Birinchi o‘yin – 0:1.
O‘yindan oldingi matbuot anjumanida Xosep Gvardiola mag‘lubiyatga tayyordek ko‘rinardi: «Agar yutqazsak, ikki kuncha g‘am chekamiz. Keyin yana qaytamiz, Premer-ligasida kurash avjida. «Siti»ning maqsadi APL chempionligi va Angliya Kubogi. YeChLga esa kuzda qaytamiz». Shu bilan birga u yarimfinalga chiqish imkoniyatlari haqida ham gapirib, o‘z faoliyatida bir zarba bilan ham finalga chiqqani va boshqa safar esa 33 zarba bilan ham yutqazganini yodga oldi.
Manchesterdagi o‘yinning 12-daqiqasida televizorni yoqqanlar qattiq afsusda qolishdi. Ekranda ikkita ikkini ko‘rgan bu odamlarning reaksiyasini tasavvur qilish qiyinmas. Ular avvaliga buni qandaydir texnik nosozlik deb o‘ylagan bo‘lishsa ham ajabmas. Ammo unday emasdi - Chempionlar ligasi tarixida ilk marta tezkor to‘rt gol urildi. Keyin beshinchisi - bu ham turnir tarixidagi eng tezkor beshinchi gol edi.
Muxlislar 21-daqiqaga kelib endi o‘yinda 7:7 hisobi qayd etilishini orzu qila boshlashgandi. Futbol - avvalgi davrlardagi kabi shunchaki ko‘ngilxushlik uchun o‘ynaladigan o‘yinga aylangandi. Albatta, bu o‘yinda o‘ta fantastik hisob qayd etilmadi, ammo bu o‘yin mavsumning eng tomoshabop o‘yinlaridan biriga aylana oldi.
























