Shu yilning 17 aprel kuni Toshkentdagi “Tashkent City” majmuasining qurilish maydonida Belgiyaning Radisson Hotel Group kompaniyasi ijrochi vitse prezidenti va bosh ijrochi direktori Elin Yunes hamda Real House kompaniyasi direktori Begzod Maksumov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar “Tashkent City” majmuasi tarkibida Park Inn by Radisson Tashkent City Hotel & Apartmens majmuasini barpo etish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.



Kelishuv shartnomasiga ko‘ra, 2021 yilda Toshkentda yangi mehmonxona va apartament qurib bitkaziladi. Loyihaga Toshkentdagi yetakchi qurilish kompaniyalaridan biri, Real House brendi tarkibiga kiruvchi “Lotus Gas Invest” kompaniyasi hamkorlik qiladi.
Yangi loyiha jami 300 o‘rinli (nomer) mehmonxonani (shundan 50 tasi apartament ko‘rinishida, 250 o‘rni standart va lyuks xonalar), shuningdek, konferens zal, 5 ta muzokara xonasi, trenajyor, 24 soat ishlaydigan restoran, barni (Gastro Pub Sky Bar) o‘z ichiga oladi.
Loyiha shuningdek, tadbirkorlar uchun turli markazlar, bolalar bog‘chasi, poliklinika, turli kurslar uchun mo‘ljallangan Coworking markazlari, xaridlar va dam olish uchun turli markazlarni qamrab oladi.
Bundan tashqari, mehmonxonaning eng baland qismida shinam (sky) restoran qurilishi rejalashtirilgan. Restoranda bo‘lish mijozlarga “Tashkent City” majmuasining tungi va kunduzgi qiyofasini to‘liq tomosha qilish imkoniyatini taqdim etadi.
“Turizm O‘zbekistonda eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri. Jumladan, 2018 yilning o‘zida yurtingizga 5 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Biz Park Inn by Radissonʼni O‘zbekistonga olib kirayotganimizdan mamnunmiz. Ajoyib mintaqaga yangi brendni olib kirish bizga xursandchilik bag‘ishlaydi”, dedi Radisson Hotel Group kompaniyasining ijrochi vitse prezidenti va bosh ijrochi direktori Elin Yunes.





















