«Sirg‘ali dehqon bozori» AJ bozor hududidan tashqarida joylashgan tadbirkordan infratuzilma uchun qariyb 42 million so‘mdan ortiq to‘lov talab qilinmoqda. Bu haqda Dragen LTD MChJ rahbari Kun.uzʼga ma'lum qilgan.

Ta'kidlanishicha, bozor ma'muriyati bilan nizolar 2017 yil kelib chiqqan bo‘lib, «Sirg‘ali dehqon bozori» AJ mutasaddilari Dragen LTDʼni «infratuzilmadan foydalanganligi uchun to‘lovni o‘z vaqtida to‘lamay kelishda» ayblagan.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Tadbirkor esa buni inkor etib, barcha kommunal to‘lovlar uchun mustaqil shartnoma tuzgani va mutasaddi tashkilotlarga tegishli haqni to‘lab kelayotganini iddao qiladi. U bozorning elektr, suv va gazidan foydalanmaydi. Hatto o‘z mablag‘lari hisobidan yo‘lakka bruschatka yotqizgan. Shunga qaramay, sudyalar uning haq-huquqlarini tan olmayotir.

Gap shundaki, 2010 yil «Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror e'lon qilingandi. Qarorning 4-bandida «bozorlar va savdo komplekslarining ma'muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovi va ko‘rsatilgan xizmatlar qiymati miqdorlarini tasdiqlash» belgilangan. Ushbu qaror ijrosini ta'minlash maqsadida, 2010 yili to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini tashkil etish va nazorat qilish tartibi to‘g‘risida Nizom tasdiqlangan.

Bozor hududida umumiy foydalaniladigan obektlarni saqlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan majburiy xizmatlar uchun alohida stavkalar joriy qilingan. 

Biroq, Nizom bilan tasdiqlangan qoidaga ko‘ra, «bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallarining ma'muriyati tasarrufida bo‘lgan binolar, inshootlar hamda boshqa mol-mulkdan va ularning xizmatlaridan belgilangan tartibda foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar ijara to‘lovlari va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar to‘lovchilari hisoblanadi». Soddaroq aytganda, bozor balansida bo‘lgan binoni ijaraga olib ishlatayotgan yoxud o‘z binosiga ega, ammo bozor ko‘rsatayotgan xizmatlardan foydalanayotgan tadbirkor to‘lovni amalga oshirishi kerak.