18 aprel oqshomida Yevropa Ligasi chorakfinali doirasida javob uchrashuvlari o‘tkazildi va yarimfinalning barcha ishtirokchilari nomi ma'lum bo‘ldi.

Anchelotti yarimfinalsiz

«Napoli» - «Arsenal» - 0:1
Gol: 1:0 – 36, Lyakazett
Napoli – Meret, Kirikesh, G‘ulom (Mariu Ruy, 71), Maksimovich (Mertens, 46), Kulibali, Zelinski, Allan, Kalexon, Fabian Ruis, Insine (Yunes, 61), Milik.
Arsenal – Chex, Koselni, Monreal, Kolashinats, Papastatopulos, Torreyra, Meytlend-Naylz, Chaka (El-Nenni, 61), Remzi (Mxitaryan, 34), Obameyang, Lyakazett (Ivobi, 68).
Ogohlantirishlar: Insine (43), Chex (74), Kalexon (90).
Birinchi o‘yin - 0:2.

«Tushunib turibmiz, «San-Paolo»dagi 90 daqiqa biz uchun juda uzun bo‘lishi mumkin», degandi o‘yin oldidan «kanonirlar» ustozi Unai Emeri. Bunday bo‘lmasligi uchun londonliklar tezkor gol o‘tkazmasligi talab qilinardi va londonliklar bu o‘yinda mezbonlar startda shturm qila olmasligini ta'minlash uchun barcha ishni qilishdi. Mehmonlar to‘pni nazorat qilishdi, to‘p raqibga o‘tgan vaqtda kuchli pressing uyushtirishdi va maydonning ikkinchi qismidayoq hujumlarni to‘xtatishga harakat qilishdi. Ammo bu hech narsani kafolatlay olmasdi, bitta xato bilan barchasi chippakka chiqishi mumkin edi. Masalan, «Arsenal» standart vaziyatdan to‘pni o‘yinga kiritgan vaqtda Obameyang to‘pni Kulibaliga oldirib qo‘ydi va mezbonlar qarshi hujumga chiqishdi, ammo Kalexon Chexni dog‘da qoldira olmadi.

Bunday holatlar Emerining rejalarida yo‘q edi, xuddi Zelinskiy bilan to‘qnashuvda jabrlangan Remzining erta majburiy almashtirilishi kabi. Bu yo‘qotish «Arsenal»ning kelgusidagi o‘yinlariga ta'sir ko‘rsatishi mumkin, ammo Neapoldagi o‘yin taqdirini Lyakazett va Meret hal qildi. Italyanlar jamoasi darvozaboni «jonli devor» qo‘yishda xato qildi va fransiyalik hujumchining zarbasiga tomoshabin bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Meret xatosini yuvishga harakat qildi va Obameyang bilan yakkama-yakka vaziyatda jamoasini goldan qutqardi. Karlo Anchelotti o‘yinda o‘zgarishlar qilish uchun maydondan Insineni oldi, «Napoli» safida yubiley - 300-uchrashuvini o‘tkazgan futbolchining o‘zi ham murabbiyning bu qarorini tushunmadi. Italiyalik futbolchida shunchaki o‘zini ko‘rsatishga imkonning o‘zi bo‘lmagandi. Emeri o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan Yevropa Ligasi Kubogini yana bir qo‘lga kiritish uchun odimlashda davom etadi.