Fan-texnika | 00:24 / 19.04.2019
13104
3 daqiqa o‘qiladi

Samsung’ning yangi buklanuvchi smartfonlari buzilib qolayotgani ma'lum qilindi  

Foto: Mark Gurman / Twitter

Dunyodagi birinchi buklanuvchi smartfon Samsung Galaxy Fold’ni sotuvga chiqarilishidan oldin olgan jurnalistlar gadjetlar ishlatilishining ilk kunlaridayoq buzilib qolayotganidan shikoyat qilishmoqda. Bu haqda CNN telekanali xabar berdi. 

Xususan, Bloomberg jurnalisti Mark Gurmanning ta'kidlashicha, u Galaxy Fold’ni ishlatishni boshlaganining 2-kuniyoq  buzilib, yaroqsiz holga kelgan. Uning aytishicha, u smartfon ekranidagi himoyalovchi plyonkani shilib olgan. Biroq keyin ma'lum bo‘lishicha, uni olib tashlash mumkin bo‘lmagan. “Men uni shilib olish mumkinligidan bexabar holda olib tashladim (foydalanuvchilar ham bundan bexabar bo‘ladilar). U olib tashlash mumkindek ko‘ringandi va men uni olib tashladim. O‘ylashimcha, aynan shu muammoning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan”, deb aytgan jurnalist.

The Verge nashri jurnalisti Diter Bon ham smartfonni qo‘llashni boshlaganining 2-kuni unda muammolar paydo bo‘lganini ma'lum qilgan. Uning aytishicha, smartfonni bukiladigan joyida tasvirni noto‘g‘ri ko‘rsatayotgan bo‘rtiq hosil bo‘lgan.  

CNBC jurnalisti ham smartfonda muammolar borligini xabar qilgan. Jurnalistning aytishicha, u smartfonning himoyalovchi plyonkasini shilmagan, biroq “ekran ayni vaqtda  ishlamayapti”. Uning ta'kidlashicha, ekrandagi tasvir lipillamoqda.

Foto: Mark Gurman / Twitter

Samsung Electronics jurnalistlarning murojaatlarini inobatga olib, nosozliklar paydo bo‘lishi sababini aniqlash maqsadida smartfonni batafsil o‘rganishga va'da bergan. Kompaniyada ta'kidlanishicha, bir necha xorijiy jurnalistlar smartfonning sirtidan himoyalovchi qoplamni olib, uning ekraniga shikast yetkazishgan. Ushbu plyonka esa ekranning tarkibiy qismi bo‘lib, uni tirnalishlardan himoyalaydi.

Samsung yangi smartfoni uchun o‘tgan dam olish kunlari buyurtma olishni boshlagandi. Qurilmaning savdosi 26 apreldan boshlanadi. 

Smartfonning imkoniyatlari fevralda namoyish qilingan. Galaxy Fold yig‘ilgan holatda bo‘lganda uning tashqi ekranidan (4,6 dyuym) foydalanish mumkin. Qurilma ochilgan holatda esa kichik planshet (7,3 dyuym) o‘lchamigacha yetadi. 

Mavzuga oid