Jambul oblastining Qorday tumani hududida, «Olmaota-Toshkent» avtoyo‘lining 181-kilometrida yo‘lovchi avtobus ag‘darilib ketishi oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolaridan tashqari, Qozog‘iston va Tojikiston fuqarolari ham bor. Bu haqda Qozog‘iston IIV matbuot xizmatiga asoslangan holda Tengrinews xabar tarqatdi.

«Yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lganlarning 7 nafari Qozog‘iston, 3 nafari O‘zbekiston fuqarosi, yana bir kishining shaxsi aniqlanmadi. Jabrlangan holda shifoxonaga yotqizilganlar orasida esa Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bor», deyilgan xabarda.

20 aprel kuni tongda, mahalliy vaqt bilan soat 05:09da Qozog‘iston janubidagi Jambul oblasti Qorday tumani hududida, «Olmaota—Toshkent» trassasining 181-kilometrida Van Hool rusumli yo‘lovchi avtobusi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Avtobusdan oldinda ketayotgan Toyota Camry avtomobili yuk mashinasi bilan to‘qnashgach, haydovchisi to‘qnashuvdan qochishga uringan va avtobus ag‘darilib ketgan.

Hodisa joyida 8 kishi halok bo‘lgan, 32 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilgan, keyinroq ularning 3 nafari vafot etgan.

Dastlab, O‘zbekiston TIV Jambuldagi YTH oqibatida halok bo‘lganlar O‘zbekiston fuqarolari ekanini tasdiqlovchi axborot yo‘qligi, jarohatlanganlarning 7 nafari o‘zbekistonliklar ekani haqida xabar bergandi. 

Keyinroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tvitterdagi rasmiy sahifasida Jambuldagi fojia haqida xabar qoldirib, bu YTH oqibatida O‘zbekistonning 11 nafar fuqarosi halok bo‘lganini bildirgandi.

Keyinroq u tvitini o‘chirib tashladi va sahifasiga voqea bo‘yicha boshqa tvit joylashtirdi.